Markaziy Osiyoda bioxilma-xillikni saqlash, koʻchib yuruvchi hayvonot olamini muhofaza qilishning dolzarb masalalari CITES CoP20 muhokamasida
Yoʻqolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo toʻgʻrisidagi konvensiyaning (CITES CoP20) 20-Tomonlar konferensiyasi doirasida Samarqandda “Iqlim oʻzgarishi sharoitida Markaziy Osiyoda bioxilma-xillikning yomonlashuvi va ekologik xavfsizlik” mavzusida tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda ishtirok etgan xalqaro ekspertlar, olimlar, ekologik tashkilotlar vakillari ekotizimlar barqarorligi va bioxilma-xillikni saqlash Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizligi hamda barqaror rivojlanishining asosiy sharti ekanini taʼkidladilar.
Tabiiy tizimlarning degradatsiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy va ijtimoiy barqarorligiga bevosita taʼsir qilishi koʻrsatib oʻtildi.

Shuningdek, noyob oʻsimlik va hayvon turlarini raqamli monitoring qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu yondashuv ekotizimlarni barqaror boshqarishning muhim vositasi sifatida koʻrib chiqildi. Bundan tashqari Afgʻoniston bilan chegaradosh hududlarda bioresurslardan barqaror foydalanish va ularni muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi. Bu hududlarda siyosiy va ijtimoiy omillar tabiiy muhofaza ishlarini murakkablashtirmoqda.
Boshqa mavzular qatorida uglerodga chidamli qishloq xoʻjaligini rivojlantirish imkoniyatlari, bioxilma-xillikni saqlash boʻyicha kreditlar yaratish hamda ushbu yondashuvlarni Oʻzbekistonning tabiatni muhofaza qilish strategiyalariga integratsiya qilish masalalari koʻrib chiqildi.
Bugungi kunda global ekologik muammolar tobora chuqurlashib borar ekan, yovvoyi hayvonot olamini muhofaza qilish masalasi xalqaro maydonda eng dolzarb yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda.

CITES CoP20 doirasida “Xavf ostidagi yoʻlli sirtlon” mavzusida oʻtkazilgan parallel tadbir ham yoʻlli sirtlonni saqlab qolish uchun shoshilinch va muvofiqlashtirilgan xalqaro choralar zarurligiga bagʻishlandi.
Aytish kerakki, yoʻlli sirtlon - ekotizimlarning muhim sanitari boʻlib, kasalliklarning tarqalishini oldini olish va tabiiy muvozanatni saqlashda muhim rol oʻynaydi. Biroq, uning ekologik ahamiyatiga qaramay, bu tur global tabiatni muhofaza qilish kun tartibida kam ifodalangan va butun tarqalish hududida oʻsib borayotgan tahdidlarga duch kelmoqda.

Muhokamalar davomida turga boʻlgan global yondashuvni oʻzgartirish nafaqat biologik xilma-xillikni saqlash, balki zoonoz kasalliklarning tarqalish xavfini kamaytirish uchun ham zarurligi taʼkidlandi. Ishtirokchilar, shuningdek, mintaqaviy hamkorlik istiqbollarini, mumkin boʻlgan moliyalashtirish manbalarini va yoʻlli sirtlonni himoya qilishni biologik xilma-xillikni saqlash boʻyicha milliy strategiyalarga kiritish yoʻllarini koʻrib chiqdilar.
Koʻchib yuruvchi turlar bir mamlakat chegarasidan ikkinchisiga oʻtadi. Demak, ularning xavfsizligi va yashash joylarining uzviy bogʻliqligi xalqaro hamkorlikni talab qiladi. Har bir davlat oʻz hududidagi muhofaza choralarini kuchaytirsa-da, ekologik yoʻlaklarning uzluksizligi global hamkorlik bilan taʼminlanadi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring