Markaziy Fargʻonada 74 gektar yer yashil belbogʻga aylantirilmoqda

12:16 28 Noyabr 2025 Jamiyat
306 0

Ayni kunlarda Markaziy Fargʻona hududida joylashgan Yozyovon tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumi doirasida belgilangan ishlar uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.

— Bu mavsum davomida tumanimizda 555 ming tup mevali va manzarali koʻchatlar ekish rejalashtirilgan, — deydi Yozyovon tumani hokimi oʻrinbosari Dilmurod Bekmirzayev. — Shu maqsadda mahallalar, korxona va tashkilotlar, ijtimoiy soha muassasalari hududlarida yashil maydon va bogʻlar tashkil etilmoqda. Xususan, oʻqituvchilar tashabbusi bilan “Ustozlar bogʻi” barpo etilgan boʻlsa, yangi bunyod etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivida turli soha vakillari ishtirokida koʻchat ekish tadbirlari oʻtkazilmoqda. Hududlarda mahalla bogʻlari barpo etilayotgani ham eʼtiborga molik.

“Yashil makon” loyihasi doirasidagi ezgu tashabbuslar davomida tumanda joylashgan “Markaziy Fargʻona” suv ombori atrofida Fargʻona viloyatining turli tumanlaridan kelgan qishloq xoʻjaligi tashkilotlari xodimlari ishtirokida yashil belbogʻlarni kengaytirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu maqsadda 74 gektar yer koʻchat ekish uchun tayyorlandi.

Ushbu maydonga 75 ming tup terak va turli manzarali koʻchatlar ekish boshlandi. Haydov traktorlari yordamida yerlar shudgorlanib, joʻyaklar olindi, hasharda ishtirok etganlar tomonidan uyalar ochildi. Tadbirning birinchi kuniyoq 31 ming tup koʻchat ekildi.

Aytish joiz, 2024-yilda “Yashil makon” loyihasining bahorgi mavsumi doirasida ushbu hududda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilgan edi. Suv ombori atrofidagi 204 gektar oʻzlashtirilmagan yerlar soz holatga keltirilib, turli xil koʻchatlar ekilgan, yashil belbogʻ tashkil etilgan va tadbirkor hamda tashkilotlarga biriktirilgan. Ammo koʻchatlarning bir qismi qarovsizlik yoki boshqa sabablar tufayli koʻkarmagan. Bu holat barcha uchun muhim saboq boʻldi.

Eng asosiy maqsad — suv ombori hududini ekoturizm maskaniga aylantirish. Bu yoʻlda nafaqat yozyovonliklar, balki butun Fargʻona ahli astoydil harakat qilayotgani eʼtiborga loyiq.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?