Markaziy bank: Toshkentda uy-joy va yer narxlari pasayishda davom etmoqda

09:44 07 Avgust 2025 Iqtisodiyot
248 0

Foto: Arxiv surat

Oʻzbekiston Markaziy bankining maʼlumotiga koʻra, joriy yilning ikkinchi choragida mamlakatda koʻchmas mulk bozorida faollik yuqori boʻlib qolmoqda.

Hisobotda qayd etilishicha, ushbu chorakda 88,1 mingta koʻchmas mulk boʻyicha bitim rasmiylashtirilgan — bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 9,9 foizga koʻp.

Joriy yilning birinchi yarmida esa ushbu koʻrsatkich 148,4 mingtaga yetdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 12,1 foizlik oʻsish demakdir.

Mutaxassislar bu faollikni ipoteka kreditlari hajmining oshgani, aholi daromadlarining oʻsishi va uy-joy qurilishidagi investitsiyalar koʻpaygani bilan bogʻlashmoqda.

Narxlar dinamikasiga kelsak, ikkinchi chorakda bozorda barqarorlik kuzatilgan. Xususan, Toshkent, Toshkent viloyati, Samarqand va Navoiy viloyatlarida narxlar oʻsgan yoki juda sekinlashgan. Boshqa hududlarda esa past narxlar, infratuzilmaning yaxshilanishi va talabning ortishi narxlar oʻsishiga turtki boʻlmoqda.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, Toshkentda ikkilamchi bozordagi uy-joy narxlari bir oy ichida 1 kv.m. uchun 15,28 mln soʻmdan 14,9 mln soʻmgacha tushgan. Toshkent viloyatida esa ushbu koʻrsatkich 8,33 mln soʻmdan 8,21 mln soʻmgacha pasaygan.

Ijara bozorida narxlar barqarorligicha qolmoqda — iyun oyi yakunlariga koʻra, yillik oʻsish atigi 0,3 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, Toshkentda ijara narxlari pasayishda davom etmoqda: yillik kesimda 6,1 foizlik tushish kuzatildi.

Yer uchastkalari bozorida esa Toshkentda 100 kv.m. (1 sotix) yerning narxi oʻrtacha 334 mln soʻmni tashkil etdi. Bu oʻtgan yil iyuniga nisbatan 2,5 foizga kam.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?