Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi

12:07 24 Aprel 2025 Iqtisodiyot
141 0

Markaziy bank boshqaruvi 24-apreldagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi. Bu haqida regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, soʻnggi oylarda shakllangan umumiy va bazaviy inflyatsiya koʻrsatkichlari inflyatsion jarayonlar va vaziyatning muallaq holatda qolayotganini koʻrsatmoqda. Yalpi talab va taklif oʻrtasidagi nomutanosibliklar hamda tashqi noaniqliklarning kuchayib borishi bilan bogʻliq xatarlar pul-kredit sharoitlarini nisbatan qatʼiy, joriy darajasida saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Ushbu qaror inflyatsiya koʻrsatkichlari va kutilmalarini barqaror pasayish trendiga qaytarishga va oʻrta muddatli istiqbolda 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasi oʻsuvchi trendga oʻtib, mart oyida yillik 10,3 foizni tashkil etdi. Ayni paytda, bazaviy inflyatsiya ham tezlashishda davom etib, yillik 8,1 foizga yetdi. Bu, oʻz navbatida, narxlarga taklif omillari bilan bir qatorda talab omillari ham oshiruvchi taʼsir koʻrsatayotganini aks ettirmoqda. Yoqilgʻi va energiya taʼminoti yaxshilanishi hamda almashuv kursining nisbatan barqaror shakllanishi taʼsirida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mart oyida pasaygan boʻlsada, joriy inflyatsiya koʻrsatkichlaridan yuqori darajada qolmoqda.

2024-yildagi energiya narxlari erkinlashtirilishining birlamchi taʼsiri II chorak yakunida tugab, umumiy inflyatsiya uchun pasaytiruvchi taʼsirga ega boʻladi. Bundan tashqari, xalqaro savdo sharoitlarining yomonlashishi global isteʼmol narxlari bilan bir qatorda ishlab chiqarish xarajatlarining ortishi va tashqi inflyatsion bosimlarning kuchayishi xavfini oshirmoqda.

Yangilangan prognozlarga koʻra, 2025-yil yakuniga qadar umumiy inflyatsiya koʻrsatkichi 7-8 foizlik prognoz koridorining yuqori chegarasiga yaqin darajada shakllanishi kutilmoqda.

Birinchi chorakda yalpi isteʼmol va investitsion faollikning oshishi hisobiga iqtisodiy oʻsish 6,8 foizgacha tezlashdi. Transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmining yuqori oʻsishi hamda kreditlash surʼatlarining tezlashishi ham yalpi talabni qoʻllab-quvvatlamoqda.

2025-yilda yuqori iqtisodiy faollik hisobiga yalpi ichki mahsulot oʻsishi tendensiyasi davom etib, yil yakunida 6 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Bunda xususiy investitsiyalar iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlovchi omil boʻlib, tovar va xizmatlar taklifining ortishiga xizmat qiladi.

2025-yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valyuta kurslarining mustahkamlanishi hamda soʻm almashuv kursining savdo hamkor davlatlar valyuta kurslariga nisbatan barqarorligi fonida real samarali almashuv kursi oʻzining oʻrta muddatli trendi doirasida shakllanmoqda.

Pul-kredit sharoitlari joriy qatʼiylik darajasining saqlab qolinishi kelgusida kreditlash hajmi oʻsishining moʻtadillashuvi va depozitlarning yuqori oʻsish surʼatlari davom etishini taʼminlab yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflyatsiyaga taʼsirini kamaytiruvchi xususiyatga ega boʻladi.

Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, oʻrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani oʻzgarishsiz, 14,0 foiz darajasida qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

May oyida kutilayotgan energiya narxlari erkinlashtirilishining navbatdagi bosqichi inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarga ikkilamchi taʼsirlaridan kelib chiqqan holda pul-kredit sharoitlari qayta koʻrib chiqilishi mumkin.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi 2025-yil 20-mart kuni oʻtkazilgan yigʻilishda asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirishga va uni 14 foiz darajasida belgilashga qaror qilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер