Margʻilonning shirmoy nonlari
Foto: Xalq so‘zi
Margʻilon azaldan yurtimizning hunarmandchilik rivoj topgan muazzam manzillaridan sanaladi. Bugungi kunda ham margʻilonliklar bobomeros hunarlarni mehr bilan davom ettirib kelishmoqda. Koʻhna kent mahallalari esa atlas va adras toʻqish, qandolatchilik, novvoylik, temirchilik, koʻnchilik singari hunarlar boʻyicha ixtisoslashgan.
Margʻilonning oʻnlab mahallalari nomi novvoychilikda dongʻi ketgan boʻlib, shirmonpazlikda ham ularning oldiga tushadigani yoʻq. Mazali va toʻyimli shirmoy nonlar Fargʻona bozorlari bezagi, fayz-baraka, farovonlik ramzi sifatida toʻy-tantanalarda dasturxon koʻrkiga aylangan.

Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan ichki turizmni rivojlantirish maqsadida OAV vakillari va blogerlar ishtirokida har haftaning shanba kuni viloyatning tarixiy obidalari, madaniy meros obyektlari va turistik markazlarga sayohatlar uyushtirish yaxshi anʼanaga aylandi. Fargʻona viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi koʻmagida uyushtirilgan navbatdagi press-turda Margʻilon shahrining oʻziga xos tashrif qogʻozi sifatida eʼtirof etiluvchi hunarmandchilik anʼanalari oʻrganildi.
“Chorchinor” MFYda oilalar asosan novvoychilik, xususan, shirmonpazlik bilan shugʻullanadi. Mahallaning Bozor koʻchasida istiqomat qiluvchi Ahmadjon Qosimovlar oilasi yarim asrdan ziyod vaqt mobaynida shu kasbni ardoqlab kelmoqda.
— Shirmoy non “sutli non” maʼnosini beradi, — deydi mohir novvoy A. Qosimov. — Uning xamirini tayyorlash murakkab jarayon boʻlib, buning uchun naq bir sutka vaqt ketadi. Dastlab maxsus usulda olingan noʻxat va arpabodiyon qaynatmasiga bir miqdor bugʻdoy uni sepib xamirturush tayyorlanadi. Keyin shirmoy non uchun xamir qoriladi, uni uzoq mushtlab, yetiltirib, keyin tandirda yopiladi.
Shuning uchun boshqa nonlarga nisbatan koʻproq saqlash mumkin boʻlgan ushbu yegulikning xaridori bisyor. Ayni paytda shirmoy nonlar nafaqat Margʻilon, balki Fargʻona vodiysi bozorlarida novvoylarning oʻziga xos brend mahsuloti sifatida sotib kelinmoqda.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring