Margʻilonda “Atlas bayrami” oltinchi xalqaro festivali boshlandi

16:34 19 Sentyabr 2024 Jamiyat
221 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Joriy yilning 19-21-sentyabr kunlari Margʻilon shahrida “Atlas bayrami” oltinchi Xalqaro anʼanaviy toʻqimachilik festivali boʻlib oʻtadi.

Bugun Margʻilon shahridagi Hunarmandchilikni rivojlantirish markazida festivalning tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan taniqli hunarmand, dizayner va rassomlar bilan birga Avstraliya, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Portugaliya, Shveysariya, Latviya, Estoniya, Hindiston, Malayziya, Moʻgʻuliston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi 20 dan ortiq xorijiy davlatlardan mehmonlar kelishdi.

Ushbu festival anʼanaviy toʻqimachilik sohasiga xos bilim hamda koʻnikmalarni targʻib qilishda oʻziga xos muloqot maydoniga aylandi. Shuningdek, mazkur anjuman hunarmandlar, dizaynerlar, moda sohasi mutaxassislari, ishlab chiqaruvchilar va toʻqimachilik boʻyicha mutaxassislarga yangi va innovatsion gʻoyalar uchun foydali platforma vazifasini bajarmoqda.

YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Butunjahon hunarmandchilik kengashi va Respublika “Hunarmand” uyushmasi, Turizm qoʻmitasi hamda Fargʻona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan bu galgi festival tadbirlari juda rang-barangligi bilan eʼtirofga loyiq.

— Festival oldidan Markaziy Osiyo mamlakatlaridan jalb etilgan hunarmand va dizaynerlar uchun oʻtkazilgan bir haftalik seminar ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi, — deydi Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov. — Birinchi kun uchun moʻljallangan dasturlar doirasida fotosuratlar koʻrgazmasi ham boʻlib oʻtadi. Hunarmandlar markazida anʼanaviy mato va ipak gilam toʻqimachiligi boʻyicha mahorat darslari oʻtkaziladi.

Ijodkorlar bogʻida “Meros va taraqqiyot: Oʻzbekistonning nomoddiy madaniy merosi bozori salohiyatini oʻrganish” mavzusida davra suhbati, “Yodgorlik” korxonasida anʼanaviy mato toʻqimachiligi boʻyicha muloqot, Hunarmandchilikni rivojlantirish markazida yosh dizaynerlarning liboslar namoyishi tashkil etiladi.

Aytish joiz, festival tadbirlarida bu yil ilk bor turli davlatlardan kelgan rassomlar hamda toʻqimachilik sohasi boʻyicha dizaynerlar ham qatnashmoqda.

“Atlas bayrami” anʼanaviy toʻqimachilik festivali 21-sentyabr kuniga qadar davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?