“Manchester Siti”dan durang, “Chelsi”dan kambek

10:47 05 Mart 2026 Sport
407 0

Kecha, 4-mart kuni Angliya Premyer ligasining 29-turidan oʻrin olgan bahslar davom ettirildi. Kun doirasidan oʻrin olgan dastlabki bahsda Londonning “Chelsi” klubi safarda “Aston Villa” mehmoni boʻldi.

Musobaqa jadvalida yonma-yon borayotgan ushbu 2 klub oʻrtasidagi oʻyin katta ahamiyatga ega edi. Yaʼni, agar “Chelsi” ushbu oʻyinda gʻalaba qozonsa, ochkolari sonini 48 taga yetkazar va bu orqali “Aston Villa” bilan ochkolari farqini 3 ochkogacha qisqartirib olar edi. Amalda ham shunday boʻldi.

Oʻyinda hisob 2-daqiqada mezbonlar futbolchisi Duglas Kosta tomonidan ochildi. Lekin oʻyinning qolgan qismida “aristokratlar” oʻyin nazoratini qoʻlga oldilar.

35, 45+6 va 64-daqiqalarda “Chelsi” yetakchisi Joao Pedro uchta gol kiritdi va xet-trikka erishdi. 55-daqiqada esa Koul Palmer London klubining toʻrtinchi golini kiritdi. Shu tariqa bahs “Chelsi”ning gʻalabasi bilan yakunlandi.

Turnir jadvalida yaqqol karvonboshi boʻlib turgan “Arsenal” bu turda qiyin toʻsiqqa uchradi. Mikel Arteta boshchiligidagi jamoa safarda “Brayton” mehmoni boʻldi va qiyinchiliklarga qaramay, minimal hisobda gʻalabaga erishdi.

Oʻyinda kiritilgan yagona golga toʻqqizinchi daqiqada Bukayo Saka mualliflik qildi. Ushbu gʻalaba evaziga “Arsenal” klubi eng yaqin taʼqibchisidan 7 ochkoga ilgarilab ketdi.

“Arsenal”ni izma-iz taʼqib etib kelayotgan “Manchester Siti” bu turda muhim 2 ochkoni qoʻldan chiqardi. Qizigʻi, jamoa qandaydir oʻrtamiyona jamoaga qarshi oʻyinda emas, ligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan “Nottingem Forest” bilan oʻz maydonida oʻtgan bahsda ochko yoʻqotdi.

Oʻyinda hisob 31-daqiqada Antuan Semeno tomonidan ochildi. 55-daqiqada Morgan Gibbs Uayt hisobni tenglashtirdi.

62-daqiqada Rodri oʻyinda yana “shaharliklar”ni hisobda oldinga olib chiquvchi golni kiritdi. 76-daqiqada esa Elliot Anderson mehmonlarga 1 ochko taqdim etgan golga mualliflik qildi. Shu tariqa oʻyin 2:2 hisobida yakunlandi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Abduqodir Husanov oʻyinning 77-daqiqasida zaxiradan oʻyinga qoʻshildi. Futbolchining 13 daqiqalik harakatlari “Sofascore” portali tomonidan 6,7 ballga baholandi.

Sovrinli oʻrinlar uchun kurashayotgan “Manchester Yunayted” bu turda yana magʻlubiyatga uchradi. Qizigʻi, Nyukasl shahrida shu nomli jamoaga qarshi kechgan bahsda “qizil iblislar” soʻnggi daqiqada durangni qoʻldan chiqarishdi.

Uchrashuvda hisob birinchi boʻlimga qoʻshib berilgan oltinchi daqiqada Antoni Gordon tomonidan ochildi. Penaltidan aniq foydalangan angliyalik futbolchi “Nyukasl”ni hisobda oldinga olib chiqdi. Lekin birinchi boʻlim shu bilan tugamadi. Taymga qoʻshib berilgan toʻqqizinchi daqiqada Kazemiro hisobni tenglashtirdi.

Oʻyinning 90-daqiqasida esa Uilyam Osula “Nyukasl”ga gʻalaba keltirgan golni kiritdi. Shu tariqa bahs 2:1 hisobida yakunlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер