Maʼnaviy xazinalar ganjinasi

16:05 30 Sentyabr 2024 Jamiyat
277 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi“. Maktabda oʻqib yurgan kezlarimiz yozgi taʼtilda Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahriga sayohatga borganmiz. Oʻshanda diqqatga sazovor joylar qatorida ushbu shaharning asoschisi Pyotr I uy muzeyi bilan ham tanishgandik.

Yogʻochdan tiklangan ushbu imorat qariyb uch asr oʻtgan boʻlsa-da boricha saqlanib qolgan. Uy ichidagi eksponatlar rus imperatorining turmush tutumi haqida hikoya qilib, oppoq choyshablar ustida hukmdor ming-minglab kishilarning hayoti evaziga botqoq ustida ushbu shaharni bunyod etganligi hayolimizga ham kirib chiqmagan. Aksincha, ekskursiyachining uy va shaharning qurilishida monarxning oʻzi ham ishtirok etganligi haqida zavq bilan soʻzlashi unga nisbatan oʻshanda iliq taassurot uygʻotganligi bor gap.

Keyingi taʼtillarimizda qadim Buxoroning mashhur Ark va Sitorai Mohi Xosa majmualariga sayohat qildik. Ekskursiyachi amirning mazkur qarorgohlari bilan tanishtirib, ushbu koshonalarning loyi xalqning qoni bilan qorilgani, turli bedodlik va amirning maishiy hayoti haqida hikoya qilarkan, qanchadan-qancha odamlar zindonlarda bit va kanalarga yem boʻlganligi haqidagi soʻzlari hamon qulogʻimiz ostida.

Oʻz tariximiz, oʻtmish hukmdorlarimizga nisbatan singdirilgan taassurot va tasavvurlar shu taxlit ulardan qolgan madaniy meros yodgorliklarga nisbatan munosabatimizni ham belgilagan boʻlsa ne ajab. Tarixning maʼlum davri, oʻsha zamonlarning meʼmoriy obidalari, madaniy meros obyektlariga nisbatan nafrat hissi bilan ulgʻaydik. Shu nafrat tufayli ular xoʻrlandi.

Navoiy viloyatining Karmana shahridagi Koʻhnaqoʻrgʻon mahallasida Buxoro amiri Abdulahadxon tomonidan 1900 — 1905-yillarda qurilgan Mirzachorbogʻ qarorgohi shulardan biri.

— Amir qarorgohining qurilishiga mahalliy usta Abdurahim Turdimurod oʻgʻli Gʻozgʻoniy bosh-qosh boʻlib, saroyning ganch oʻymakor naqshlari usta Shirin Murodov tomonidan amalga oshirilgan, — deydi oʻlkashunos olim Nurxon Bekniyozov. — Ushbu ustalar nomlarining oʻzi mazkur qarorgohning qurilishda sanʼat namunasi darajasiga yetganligini anglatadi. Sharq va Gʻarb meʼmorchiligi anʼanalarini uygʻunlashtirgan holda bunyod etilgan ushbu koshona Navoiy shahriga asos solingunga (1958-yil) qadar hududning eng hashamatli saroylaridan biri boʻlgan. Agar Pyotr kulbasiga qaratilgan eʼtiborning oʻndan biri boʻlganida ham ushbu qarorgoh hudud sayyohlik xazinasida jozibador gavhar boʻlib qolardi.

Afsuski, 1942–1943-yillarda Mirzachorbogʻdan polyak askarlari uchun kazarma, urushdan keyin jamoa xoʻjaligining idorasi sifatida foydalanildi. Keyinchalik 1974–1975-yillarda pillachilik idorasi joylashtirilgan. Qariyb qirq yil qarovsiz qolgan imoratning atrofi tagidan odamlar amirdan qolgan xazinalarni axtarib, xaroba holiga keltirdi.

Korizlar qaʼridagi tarix

Hududning oʻtgan asrda xoʻrlangan tarixiy obidalardan yana biri Nurota korizlaridir. Ushbu inshootlarning tarixi olis ming-ming yilliklarga qadalib, dunyoda kamdan-kam xalqlar ega boʻlgan osori atiqalaridan biri.

Oʻz davrining ulkan suv inshooti, zamon tili bilan taʼriflasak, antiqa irrigatsiya tarmogʻi boʻlgan korizlar yordamida mahalliy aholi togʻoldi adirliklarida yuzlab quduqlarni bir-biriga tutashtirish orqali yer osti suvlarini yuzaga chiqarib, dehqonchilik qilishgan.

Nurota korizlar tarixi haqida ilmiy asoslanmagan qarash va farazlar mavjud. Ulardan birida korizlarning paydo boʻlishi eramizdan oldingi 329-327-yillarda Oʻrta Osiyoga bostirib kirgan makedoniyalik Iskandar(Aleksandr Makedonskiy) nomi bilan bogʻlanadi. Uning irodasi bilan qoʻshini tomonidan 366ta korizni qazilganligi haqida mish-mishlar mavjud. Qanchalik asosli bunga yana qaytamiz, hozir korizlar haqidagi oʻrganganlarimizni baham koʻraylik.

— “Koriz” forscha “kax” – somon, “rez” – toʻk degan soʻzlarning birikishidan hosil boʻlgan, — deydi tarixchi oʻlkashunos Ramazon Egamov. — Nishablik va suvning oqishi oʻsha davrda quduqqa somon tashlash yordamida aniqlangan. Yaʼni, koriz suvi damlanmayotganligini tekshirish uchun – birinchi quduqqa kax (somon) tashlanib, oxirgi quduqda kutib olingan. Shu yoʻl bilan nafaqat suvning ravon oqayotganligi, balki oqish tezligiga qarab suv miqdori ham aniqlangan.

Korizlarning yaratilish jarayoniga batafsil toʻxtay olmaymiz. Shunga qaramasdan u oʻta mashaqqatli qoʻl mehnati mahsuli ham ekanligini birgina misol bilan taʼriflasak. Aytaylik, 3 kilometr uzunlikka ega Maston korizi 280 quduqdan iborat boʻlib, bosh qudugʻining chuqurligi 14 metrni tashkil etadi. Quduqlar 1-1,5 metrlik, 0,005 metr nishablikka ega “lahm”(tunnel)lar orqali tutashtirilgan. Hozirgi hisob-kitoblar mazkur korizni qazishda qariyb 10 ming kub metr tuproq qazib chiqarilganligini koʻrsatadi. Mazkur ish koʻlami esa Aleksandr Makedonskiy Nurotada korizlarni qazdirgan degan farazlarga nisbatan rad etib boʻlmas shubha uygʻotadi. Qolaversa, qaysi bosqinchi oʻz hududidan tashqarida bunyodkorlik qilibdi, deysiz.

Nurota korizlarining aksariyati bugungi kunda koʻmilib ketgan. Yaqin-yaqinlarda ham ishlab turgani, Nurota shahrining shundoq biqinidagi Kalta koriz esa ayrim shaxslar tomonidan noqonuniy chiqindi tashlash joylariga aylanib qolgan.

Tarixning bugunga tutgan koʻzgusi

— Har qanday istilo eng avvalo aholining ilmli qatlamini mahv etish yoxud tigʻdan oʻtkazish, tarixiy ildizi, moddiy va maʼnaviy merosidan mahrum etish bilan oʻz hukmronligini mustahkamlagan, — deydi tarixchi olim Rustam Qarshiyev. — Boisi maʼnaviy ildizidan mosuvo xalqni boshqarish oson kechadi. Tarixiy manbalardan maʼlumki, sobiq Shoʻro tuzumini Karmanada oʻrnatishda temir yoʻl stansiyasidagi bronepoyezd dastlab toʻgʻridan-toʻgʻri Qosim Shayx majmuasini toʻpga tutadi. Keyinchalik ushbu majmuadan avtogaraj sifatida foydalaniladi.

Maʼnaviy va madaniy merosimizning moddiylashgan boyliklarini xoʻrlash siyosati tufayli hozirgi Navoiy viloyati hududidan Xatirchidagi Oqmachit mineral oʻgʻitlar, Qiziltepadagi Toshmachit kimyoviy unsurlar saqlash maqsadlarida ishlatilgan boʻlsa, Raboti Malik majmuasi oʻrtasidan asfalt yotqizib yuborildi. Gadoy Selkin ziyoratgohi uy-joy uchun boʻlib berilgan. Konimexdagi Qilich ota qadamjosi ekinzorga qoʻshib yuborilgan. Nurota Chashmasi eshiklariga qulf urilib, keyinchalik omborga aylantirilgan. Mavlono Orif Deggaroniy masjidi ustunlari jamoa xoʻjaligi molxonasiga ishlatilib, oʻn birinchi asrga tegishli inshootdan ombor sifatida foydalanilgan. Xoʻja Xisrav maqbarasi hovlisidan zovur oʻtkazildi. Bunday bedodliklar roʻyxatini oxiriga yetkazish mushkul.

— Mamlakatimizda 1989-yildayoq Oʻzbek tiliga Davlat tili maqomini berib, maʼnaviy mustaqilligimiz poydevorini qoʻygan edi, — deydi tilshunos olim Abduhamid Xolmurodov, — Shu oʻrinda har qanday millat va xalq avvalo maʼnaviy mustaqillikka ega boʻlmay turib, iqtisodiy, hududiy, maʼmuriy ozodlikka erisha olmasligi oʻshanda nihoyatda nozik did bilan ilgʻanib, yuksak jasorat bilan amalga oshirilgan tadbir ekanligini taʼkidlash lozim.

Shu taxlit milliy oʻzlikni anglash asriy qadriyatlarni ardoqlovchi, himoya qiluvchi va xalqni harakatlantiruvchi kuchga aylandi. Ulkan maʼnaviy zaxiralarga eʼtibor qaratildi. Shu eʼtibor bilan qadim Karmanada keng koʻlamdagi bunyodkorlik ishlari olib borilib, Qosim Shayx, Mir Said Bahrom, Sardoba, Xoʻja Xisrav qadim-qaddini tikladi. Nurota Chashmasininggina emas, bebaho maʼnaviy merosimiz buloqlarining koʻzlari ochildi goʻyo. Shunchaki imoratlarning emas, ulugʻ ajdodlarimizga ehtiromning dunyosi ochilmoqda endi.

Adolat tantanasi

Respublika Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilib, davlat muhofazasiga olingan viloyatning Gʻozgʻon shahridagi “Sheyxon” MFYda joylashgan “Shohimardon”, Karmana tumani “Koʻhna Qoʻrgʻon” MFYda joylashgan “Mirzacharbogʻ” qarorgohi, “Hazora” MFYda joylashgan “Mavlono Orif Deggoroniy” masjidi arxitektura yodgorliklari hamda Navbahor tumani “M.Ulugʻbek” MFYda joylashgan “Sarmishsoy” davlat muzey qoʻriqxonasi hududida bugungi kunda Madaniy meros agentligining 2023-yilgi restavratsiya obyektlari reja grafigi asosida taʼmirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda.

Bugun “Mirzachorbogʻ” qarorgohida restavratsiya, taʼmirlash-tiklash ishlari uchun 4,1 mlrd. soʻmlik loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, pudratchi tashkilot “Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi direksiyasi” DM hamda yordamchi pudratchi tashkilot “Mars 2000” MCHJ bilan obyektda taʼmirlash ishlari uchun 2024-yil 1-fevralda shartnoma imzolangan.

Mazkur shartnomaga asosan 2 mlrd.soʻm mablagʻ moliyalashtirilib yordamchi pudratchi tashkilot “Mars 2000” MCHJ tomonidan qarorgohning taʼmirlash oldi (demontaj) ishlari obyektning ichki va tom qismlarida mavjud tuproqdan tozalash, hamda qish mavsumida obyektga zarar yetmaslik maqsadida bir qismini shifer bilan(vaqtincha) yopish ishlari olib borildi.

— “Shohimardon” arxitektura yodgorligini taʼmirlash uchun esa 1,721 mlrd. soʻmlik loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan, — deydi Navoiy viloyati madaniy meros boshqarmasi boshligʻi Bekzod Rahmatov. — Pudratchi tashkilot “Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi direksiyasi” DM va yordamchi pudratchi tashkilot “Gʻolib Bekzod” MCHJ oʻrtasida obyektda taʼmirlash ishlari uchun 1,6 mlrd. soʻmlik shartnoma imzolanib, 410 mln.soʻmi moliyalashtirildi.

Mahalliy aholi vakillari tomonida mazkur loyihaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflariga asosan Madaniy meros loyiha instituti tomonidan loyihaga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar yaʼni binoning kirish qismini oʻzgartirish va majmua hududidan infratizim obyektlari qurish boʻyicha qoʻshimcha loyiha ishlab chiqilib, u Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert kengashining 2024-yil 8-maydagi yigʻilish bayonnomasi bilan maʼqullandi.

Ushbu loyihaga qoʻshimcha 1,2 mlrd. soʻmlik smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertizaga xulosasi olish uchun taqdim etilgan hamda 2024-yil 22-iyuldagi ekspertizaga xulosasiga asosan 965 223 559 soʻm qoʻshimcha ishlar uchun mablagʻ ajratilishi belgilandi.

Yordamchi pudratchi tashkilot “Gʻolib-Bekzod” MCHJ tomonidan “Shohimardon” madaniy meros obyektining tom qismida, ichki va tashqi devorlarida, hovlisida, kirish qismida taʼmirlash oldi (demontaj) ishlari amalga oshirilib bugungi kunda majmuaning tashqi va ishki qismlarini suvoqlash hamda majmuaning ichki shift qismlarini gilganch qilish ishlari olib borilmoqda.

Mustaqillik xalqimiz tarixiga adolat koʻzi bilan qarash, kechmishi yozma moziydanda keksaroq oʻtmishimizga xolis munosabatda boʻlish imkonini berdi. Shu asosda bebaho qoʻlyozmalar, ulkan maʼnaviy xazinalar oʻrganilib, ming-ming yillik tarixiy davr va taraqqiyotlarni qamrab oluvchi meʼmoriy obidalar qadim qaddini tiklamoqda. Tabiiyki, bularning barchasidan koʻzlangan maqsad bugungi maʼnaviy tafakkurimizni qadim ildizlariga tutashtirishdir. Shu jihatdan ajdodlarimiz yaratgan bebaho boyliklarni tiklashgina emas, asrash, ulardan meros zumrad yuzidagi gardni artib turish muhim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер