Malayziyada Andijonning sayyohlik imkoniyatlari namoyish etildi

Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda xalqaro turizm forumi boʻlib oʻtdi. Unda andijonlik hunarmandlar oʻzlarining betakror mahsulotlari bilan koʻrgazma tashkil etdi. Nozik qoʻl mehnati bilan yaratilgan sanʼat namunasi boʻlgan bu mahsulotlar xorijlik ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
Tadbir davomida Andijon viloyati vakillari sayyohlik sohasidagi mavjud imkoniyatlar, turli turistik yoʻnalishlar va xizmat turlari haqida atroflicha maʼlumot berdi. Qadim tarix, goʻzal tabiat va milliy anʼanalar uygʻunligi Andijonning turizm salohiyati qanchalik boy ekanini yorqin namoyon etdi. Forum maydonida sanʼatkorlar tomonidan milliy raqs va kuy-qoʻshiqlar ijro etildi. Bu orqali yurtimizning boy madaniy merosi namoyish qilinib, mehmondoʻstlik va yuksak maʼnaviyat oʻz ifodasini topdi.
— Garchi, oʻn yildan ziyod vaqt mobaynida turizm sohasida faoliyat olib borayotgan boʻlsamda, Oʻzbekiston haqida yetarli maʼlumotga ega emas ekanman, — deydi tadbir ishtirokchisi Fatin binti Karim. —Andijonliklar tomonidan tashkil etilgan koʻrgazma va sanʼatkorlar chiqishlaridan bildimki, bu yurtning boy madaniy va maʼrifiy tarixi bor. Shu bois kelgusida Oʻzbekiston va Malayziya davlatlari oʻrtasidagi sayyohlik aloqalarini rivojlantirishda munosib ishtirok etishni rejalashtirmoqdaman.
Shubhasiz, bunday xalqaro tadbirlarda qatnashish viloyatning sayyohlik imkoniyatlarini keng targʻib etishga, xorijiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga va kelgusida turizm sohasini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Saminjon HUSANOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring