Maktabning 9–11-sinf oʻquvchilarini kasb-hunarga oʻqitish tartibi joriy qilinadi

15:00 09 Iyun 2021 Hujjatlar
832 0

“Ishchi kasblar boʻyicha kadrlarni tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi

Qarorga muvofiq, quyidagilar tashkil etiladi:

➖ Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida qoʻshimcha ravishda 28 ta kasb-hunarga oʻqitish markazlari;

➖ 864 ta fuqarolar yigʻinlarida tikuvchilik, oshpazlik-qandolatchilik, erkaklar va ayollar sartaroshligi, kompyuter savodxonligi, buxgalteriya va tadbirkorlik asoslari boʻyicha mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskanlari;

➖ vazirlik va idoralar tasarrufida boʻlgan 18 ta professional taʼlim muassasalarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qisqa muddatli kasb-hunarga, xorijiy tillarga va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish kurslari.

Qarorga koʻra, “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga oʻqitish markazlari hamda maskanlarning oʻqituvchilari va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari maqomi boʻyicha professional taʼlim muassasalarining oʻqituvchilari va ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga tenglashtiriladi.

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9–11-sinf oʻquvchilarini asosiy taʼlim jarayonlaridan boʻsh boʻlgan vaqtlarida kasb-hunarga oʻqitish tartibi joriy qilinadi.

Qaror bilan:

● bandlik va mehnat munosabatlari vazirining kasb-hunarga oʻqitish va kasbiy malakani rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy qilindi;

● Kasb-hunarga oʻqitishni tashkil etish va kasbiy malakani rivojlantirish departamenti tuzildi.

Shuningdek, “TUMO” kreativ texnologiyalar markazining Toshkent shahridagi filiali tashkil etildi.

2022-yil 1-martgacha Filialda yoshlarni veb-ishlanmalar, grafika dizayni, 3D-modellashtirish, raqamli dasturlash, robototexnika, raqamli media, videooʻyinlar yaratish yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.

Bundan tashqari, baliqchilik, quyonchilik, parrandachilik, asalarichilik, meva-sabzavotchilik, uzumchilik, tikuvchilik, hunarmandchilik sohalarida kooperativlar tashkil etiladi.

2022-yil 1-yanvarga qadar har bir tuman (shahar) sektorida kamida bittadan kooperativlar tashkil etiladi.

Kooperativlarga aʼzo boʻlgan har bir ish bilan band boʻlmagan fuqaro uchun BHMning 15 baravarigacha subsidiya ajratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?