Maktablarda yuqori sinf oʻquvchilariga ikkinchi xorijiy til oʻrgatiladi

11:09 05 Fevral 2024 Hujjatlar
207 0

“Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga oʻqitish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–53-son, 02.02.2024-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2024/2025 oʻquv yilidan bosqichma-bosqich tajriba-sinov tariqasida:

— maktablarning 10–11-sinflarida tayanch oʻquv rejasi asosida oʻqitish bilan bir qatorda “Fanlarni chuqurlashtirib oʻqitish” hamda “Biznes va kasb-hunarga oʻqitish” yoʻnalishlari boʻyicha ham taʼlim dasturlari joriy qilinadi;

— “Fanlarni chuqurlashtirib oʻqitish” yoʻnalishi doirasida – oʻquv jarayonini tashkil etishda asosiy eʼtibor aniq, tabiiy yoki xorijiy til fanlariga qaratiladi;

— “Biznes va kasb-hunarga oʻqitish” yoʻnalishi doirasida esa – oʻquvchilar ishchi yoki raqamli texnologiyalarga oid kasblarga oʻqitiladi.

2024/2025 oʻquv yilidan bosqichma-bosqich maktablarda xorijiy tillarni oʻqitishning quyidagi tartibi joriy etiladi:

— 5–9-sinflarda oʻquvchilarda bazaviy bilim va nutqiy koʻnikmalar shakllantiriladi;

— 10–11-sinflarda asosiy eʼtibor oʻquvchilarning akademik yozuv va soʻzlashish koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratiladi;

— “Fanlarni chuqurlashtirib oʻqitish” yoʻnalishi doirasida xorijiy til fanini tanlagan oʻquvchilar 10–11-sinflarda ikkinchi xorijiy tilga oʻqitiladi.

2024/2025 oʻquv yilidan xorijiy tillar yoʻnalishlari boʻyicha pedagoglarni tayyorlaydigan davlat OTM talabalarining maktablarda pedagogik amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

“Biznes va kasb-hunarga oʻqitish” yoʻnalishi doirasida maktablarda ustaxonalar tashkil etilib, oylik ish haqi oliy maʼlumotli umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisiga tenglashtirilgan “Kasbiy taʼlim ustasi” lavozimi joriy qilinadi.

Qarorga koʻra, maktablarning boʻsh binolarini “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi ishtirokchilariga amaliy monomarkazni tashkil qilish va keyinchalik oʻquvchilarni kasb-hunarga oʻqitish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida tekin foydalanishga berishga ruxsat etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер