Maktab toʻla muammo, ammo...

10:33 09 Noyabr 2020 Jamiyat
606 0

Joriy yilning 2-15-noyabr kunlari Oʻzbekiston isteʼmolchi huquqlari jamiyatlari federatsiyasi tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha kuzatuv monitoring ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Bunda ishchi guruh tomonidan isteʼmolchilarga yonilgʻi-energetika resurslari va koʻmir mahsulotlarining oʻz vaqtida yetkazib berilishi, shuningdek, ijtimoiy soha obyektlari, xususan, taʼlim muassasalari, madaniyat va sport obyektlarini kuz-qish mavsumiga qay darajada tayyor ekani va uni amalga oshirilishi kerak boʻlgan tadbirlarni nazorat qilish koʻzda tutilgan. Bu borada turli viloyat va chekka hududlarda ham bu kabi ishlar sezilarli darajada olib borilmoqda.

Xususan, Buxoro viloyati hududiy birlashmasi raisi rahbarligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan Gʻijduvon tumani Dodarak MFYda joylashgan 36-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻrganish ishlari olib borilganida, ushbu maktabda xonalarni isitish maqsadida tabiiy gazga moʻljallangan pech oʻrnatilganligi, biroq, tabiiy gazni oʻzi anchadan beri toʻxtatib qoʻyilganligi maʼlum boʻldi. Hozirda esa ushbu maktabni isitish uchun xar yili majburiy tarzda 43.364 kg (shundan 11.642 kg koʻmir kukuni va 31.722 kg briket) koʻmir beriladi, ammo, hech kim uning zararli tomonlariga eʼtibor ham qaratmagan. Xoʻjalik ishlari mudirining soʻzlariga koʻra, isitish maqsadida (Gaz boʻlmaganligi sababli) har yili qoʻlbola pechlar oʻrnatiladi. Bundan kelib chiqadiki, bu yerda is gazidan zaharlanib qolish ham hech gap emas. Tanganing ikki tomoni boʻlgani kabi, masalaning ham ikkinchi tomoni bor yaʼni, bu maktab aslida «Snos» ga tushgan, lekin uni qachon taʼmirlanishini esa hech kim bilmaydi.

Maktab omborxonasi koʻzdan kechirilganda bu yerda koʻmir saqlash uchun yetarli sharoit yaratilmagani, berilgan koʻmir esa talabga javob bermasligi maʼlum boʻldi. Bundan tashqari, sport zalining tom qismi talabga javob bermaydi. Shuningdek, sinfxonalardagi sharoit umuman qoniqarsiz ahvolda... Oʻquv partasi siniq, pol qismi betonlashtirilgan, linoleumlari esa abgor ahvolda. eshik va deraza romlari singan, qishda deraza tirqishidan sovuq kirmasligi uchun sellofandan foydalaniladi. Bundan tashqari, Yongʻin xavfsizlik choralari koʻrilmagan, oʻt oʻchirish moslamalari bilan toʻliq jihozlanmagan.

Xulosa shundayki, sohada muammoli masalalar haligacha yechimini kutmoqda. Uni bartaraf qilishga harakat qilishyapti, albatta. Balki, bu yerda zanjirning bizga koʻrinmas halqalari bordir? Muammo borligini koʻrsatish bilan ish bitmaydi. Uni bartaraf etish uchun esa aniq takliflar zarur.

Oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan umumlashtirilgan maʼlumotnoma tayyorlanib, kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish koʻzda tutilgan.

Qayd etish joizki, bu kabi ishlar boshqa hududlarda yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, amalga oshirilgan ishlar monitoringi joriy yilning 17-noyabriga qadar Federatsiya markaziy apparatiga taqdim etilishi koʻzda tutilgan.

Hurmatli isteʼmolchi, Agarda sizning huquqlaringiz buzilsa 1091 ishonch telefoni va @PotrebitelUz_bot orqali murojaat qilishingiz mumkin.

Shahboz ABDUSATTOROV,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini
himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
matbuot xizmati mutaxassisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?