Maktab ichra “mahorat maktabi” bor

16:11 07 Fevral 2025 Jamiyat
354 0

Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi garchi umumtaʼlim muassasasi boʻlsada, uni misli oliy oʻquv yurtiga oʻxshatsa boʻladi. Oʻquv-tarbiya dasturidagi tigʻizlik, chuqur bilim berishga asoslangan oʻziga xos dars jarayonlari va pirovardida, oʻquvchilarining bilim darajasi yuqoriligi fikrimizga dalolatdir. “Maktab ichida maktablari bor” oʻquv maskani deb atash ham oʻrinlidir. Chunki oʻquvchilar darsdan soʻng oz emas, 12 ta ixtisoslashtirilgan toʻgarakdagi mashgʻulotlarda qatnashish imkoniga ega. Toʻgaraklarki, bari aniq jadval va oʻquv-mashgʻulot rejasi asosida faoliyat yuritadi. Taʼbir joiz boʻlsa, har bir toʻgarak oʻz yoʻnalishi boʻyicha mukammal mahorat maktabi sanaladi.

— Toʻgaraklar samaradorligini oshirishda avvalo, ularning murabbiylarini tanlashga alohida eʼtibor qaratganmiz, — deydi ijod maktabi direktori, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi Pokiza Ahmedjanova. — Maʼlumki, ijod maktablari oʻqituvchilari belgilangan imtihonlar hamda kasbiy malaka darajalari asosida koʻplab nomzodlar orasidan tanlab olinadi. Shu maʼnoda toʻgaraklar rahbarlari ham maʼlum ixtisoslik boʻyicha amaliy tajriba, yuqori malakaga egaligiga, eng muhimi, shu yoʻnalishining professional mutaxassisiligi hisobga olingan holda tanlangan. Ayni shu omil tufayli oʻquvchilarimiz maktabdayoq turli ixtisosliklar boʻyicha keng nazariy bilim va amaliy koʻnikma olmoqda.

Haqiqatan mazkur ijod maktabida oʻz sohasi boʻyicha viloyatdagina emas, mamlakatimizda ham taniqli ijodkorlar, sanʼat vakillari, mutaxassislar turli toʻgaraklarning rahbarlari sifatida jamlangan. Masalan, “Doʻstlik” ordeni sohibi, Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi Anorboy Boybekov “Tasviriy va amaliy sanʼat”, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, “Shuhrat” medali sohibi Husniddin Hayit “Yosh ijodkorlar”, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrining isteʼdodli aktyori Qandiyor Rustamov “Drama” toʻgaragini boshqarmoqda. Jurnalistika toʻgaragida ham media sohasining professional va taniqli vakillari faoliyat yuritmoqda.

“Raqs” toʻgaragi rahbari “Doʻstlik”ordeni sohibasi Oysha Aytbagambetovadir. Taniqli baletmeyster olib borayotgan toʻgarakda 30 dan ziyod oʻquvchi qatnashmoqda. Toʻgarak negizida “Navbahor” raqs ansambli tashkil etilgan. Uning chiqishlarini professional ansambllar ijrosiga mengzasa boʻladi.

— Toʻgaraklar faoliyatining katta samarasi oʻquvchilarimiz erishayotgan yutuqlarda ham aks etmoqda, — deydi ijod maktabi direktori oʻrinbosari Ahror Fattalov. — Bunga ixtisosliklar boʻyicha toʻgaraklar aʼzolarining turli tanlovlarda yuqori oʻrinlarga munosib koʻrilayotgani misoldir. Eng muhimi, oʻquvchilarimizning darsdan soʻnggi boʻsh vaqtlari hech ham bekor oʻtmaydi. Ixtisoslikdan tashqari 20 ta fan toʻgaraklarimiz bor. Bu oʻquvchilarning yanada chuqur bilim olishlari uchun katta imkoniyat.

Ijod maktabida oʻqiyotgan oʻquvchi borki, biror toʻgarakda ishtirok etadi. Aksariyati bir emas, bir nechasining aʼzosi. Bu degani, bunday oʻquvchilar erta-indin maktabni bitirib, bir necha ixtisoslik, yaʼni kasb-hunardan ham maʼlum amaliy koʻnikmaga ega boʻlib, mustaqil hayotga qadam qoʻyadi. Ijod maktabi ichra “Mahorat maktablari” boʻlmish ixtisosliklar boʻyicha toʻgaraklarda oʻrganganlari ham ularning kelgusida yetuk mutaxassis boʻlib yetishlarida muhim poydevor sifatida xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер