Mahsulotimizning asosiy xaridori xorijliklar

00:42 20 Avgust 2023 Jamiyat
860 0

Foto: Xalq soʻzi

Shahrisabzda hunarmandchilikning bir necha turlari, ayniqsa, kashtadoʻzlik keng rivojlangan. Avvallari deyarli har bir xonadonda kashta tikilar, bu ishni koʻpchilik ayollar bilishardi.

Men ham kashtadoʻzlikni bolaligimda oʻrganganman. Oʻn besh yoshimdan buyon esa bu ish bilan muntazam shugʻullanib kelayapman. “Hunarmand” uyushmasi aʼzosi, “Mevazor-Saodat” ishlab chiqarish kooperativi rahbariman.

Bir paytlar kashta tikish men uchun shunchaki qiziqish boʻlgan boʻlsa, bugun bu hunar hayotimning mazmuniga aylanib ketgan. Hunarim ortidan ozmi-koʻpmi elga tanildim, obroʻ-eʼtibor topdim. Dunyoning koʻplab davlatlarida tashkil etilgan yirik festivallar, koʻrgazmalar, tanlovlarda yurtimiz nomidan ishtirok etish baxtiga muyassar boʻldim. Mamlakatimizdagi deyarli barcha hunarmandchilik festivallari, koʻrgazmalarida qatnashib kelayapman. Bunday tadbirlar biz hunarmandlar uchun tajriba almashish, qolaversa, oʻz mahsulotlarimizni yanada keng doirada namoyish etish imkonini beradi.

Misol uchun, Turkiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Birlashgan Arab Amirliklari davlatlaridagi koʻrgazmalarda qatnashish asnosida, mahsulotlarimizni eksport qilishga, yangi hamkorlar topishga erishdik. Yurtimizdagi barcha sayyohlik hududlariga mahsulot yetkazib berishni yoʻlga qoʻyganmiz. Shu bois asosan xorijlik sayyohlar uchun moʻljallangan turli kashtachilik buyumlari, aksessuarlar tikayapmiz. Mahalliy bozor uchun esa asosan kelinlar sepi uchun joynamoz, yostiq jildlari va boshqa turdagi buyumlar, liboslar, bosh kiyimlari tayyorlaymiz. Xullas, bugun mahsulotlarimizning bozori chaqqon, qancha kashta tikishga ulgursangiz, shuncha talab bor.

Shu bois kashta tikish bilan bir qatorda hududdagi ishsiz xotin-qizlarga hunar oʻrgatish boʻyicha ham ish olib borayapman. Hozirda koʻpchilik shogirdlarim bu hunarni mukammal egallab, men bilan tengma-teng mehnat qilishmoqda. Shu hunar ortidan yaxshi daromad topayapti.

Bunday yutuqlar oʻz-oʻzidan boʻlmaydi, albatta. Bu davlatimiz tomonidan hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, milliy hunarmandchiligimizni targʻib etishga qaratilayotgan yuksak eʼtibor natijasi deb bilaman.

Bu yil Tadbirkorlar kuni arafasida Prezidentimizning tegishli farmoyishi bilan “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishim esa biz – shahrisabzlik hunarmandlarning kamtarona mehnatiga berilgan yuksak baho deyish mumkin. Bu mukofot menga yanada katta masʼuliyat yuklaydi. Milliy kashtachiligimiz dovrugʻini dunyoga yoyish yoʻlida mehnat qilishga, izlanishga chorlaydi.

Saodat NIZAMOVA,

“Hunarmand” uyushmasining Shahrisabz

shahar boʻlimi aʼzosi, kashtachi,

“Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni sohibasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер