Mahoratli oʻqituvchi — millat tayanchi

Xorazm viloyatida “Mahoratli oʻqituvchi — millat tayanchi” deb nomlangan IV “Ustozlar milliy forumi” boʻlib oʻtdi. Har yili yangi oʻquv yili oldidan oʻtkaziladigan ushbu forumda maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida erishilgan yutuq va kamchiliklar tahlil qilindi, galdagi muhim vazifalar belgilab olindi.
Joriy yilda viloyatda salkam 50 mlrd soʻm mablagʻ hisobiga 10 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotini yangidan qurish, 9 tasini rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda. Natijada 3650 ta tarbiyalanuvchi oʻrni, 250 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalarni qamrab olish koʻrsatkichi esa 85,8 foizga yetadi.
Shuningdek, bu yil viloyatda Investitsiya va boshqa dasturlar asosida 1890 oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan 6 ta yangi maktab qurilishi, 15 ta maktabda rekonstruksiya, 1 tasida mukammal taʼmirlash ishlari davom etmoqda. Natijada viloyatdagi 11 ta maktabda quvvat koeffitsiyenti meʼyoriy talab darajasiga keladi, qoʻshimcha 240 ta ish oʻrni yaratiladi. Yaqinda yangi oʻquv yili oldidan viloyatdagi 61 ta umumtaʼlim maktablariga 1037 dona kompyuter jamlanmasi, koʻp funksiyali printer va konditsionerlar yetkazib berildi.
— Yaratilayotgan bu sharoitlar maktablarda taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladi, lekin eng asosiy masala pedagog kadrlarning bilim va malakasidir, — deydi viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Hamro Bektemirov. — 2025-yil avgust oyi holatiga viloyatimizda oliy toifali oʻqituvchilar 20 foizni, birinchi toifali oʻqituvchilar 32 foizni tashkil qiladi. Taʼkidlash kerak, keyingi 3-yilda oliy va birinchi toifali oʻqituvchilar ulushi 30 foizga oshdi. Oʻqituvchilarni ragʻbatlantirish masalasiga kelsak, bugungi kunda viloyatimizda 7 ming nafarga yaqin pedagoglar xorijiy va milliy sertifikatlarga ega boʻlib, 20 foizdan 50 foizgacha ustama olyaptilar.
Sentyabr oyidan boshlab viloyatning 13 ta shahar va tumanlarida “Jasorat maktablari” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Qoʻshkoʻpir, Hazorasp, Yangibozor tumanlarida “Ilk rivojlantirish markaz”lari tashkil etiladi. Kasbiy taʼlim oʻqitiladigan maktablar soni 23 taga yetkaziladi. 2025-2026 oʻquv yilida 30 nafar xorijiy mutaxassislar taʼlim jarayonlariga jalb qilinadi. Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro universitet va al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internati sentyabr oyidan oʻz faoliyatini boshlaydi. Shuningdek, Bogʻot, Gurlan, Urganch tumanlarida ham ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar tashkil etilishi viloyatda iqtidorli oʻquvchilar koʻpayishiga, taʼlim sifatini yanada oshishiga xizmat qiladi.
Tadbirda bir guruh ustoz va murabbiylar viloyat hokimining tashakkurnomasi hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Odilbek ODAMBOYEV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Kambagʻal oilalar farzandlarining toʻgarak xarajatlarining 80 foizgacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring