Mahallangiz jinoyatdan xoli hududga aylanganmi?

14:09 07 Noyabr 2023 Jamiyat
243 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Buxoro shahrida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini taʼminlashda “beshlik” tizimi faoliyati samaradorligini oshirish maqsadi koʻzda tutilgan oʻquv – seminari oʻtkazildi.

Tadbirda soʻz olganlar taʼkidlashganidek, oila oʻziga tinch boʻlsa, mahalla jinoyatdan xoli hududga aylansa, yurtimizda osoyishtalik hukm suradi. Bu esa koʻp jihatdan “beshlik” tizimining har bir notinch oila bilan, tarbiyasi ogʻir yoshlar bilan yaqindan ish olib borishiga bogʻliq. Yoshlar, jumladan voyaga yetmaganlarga, huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik yordamlarni risoladagidek koʻrsatish orqali ijobiy natijalarga erishish mumkin. Negaki, oramizda shunday koʻmakka ehtiyojmand yoshlar oz emas. Ota — onasi oʻzga davlatlarga ishlagani ketib, voyaga yetmagan bolasi qarindoshlari qoʻlida qolgan yoki nosogʻlom oilada oʻsayotgan oʻgʻil – qizlarning maktabdagi oʻqishi, boʻsh vaqtini qanday oʻtkazayotgani doimiy eʼtiborda turmogʻi lozim.

Bu masalaga alohida toʻxtalishimiz bejiz emas. Viloyatda dastlabki yarim yilda qayd etilgan jinoyatlarning 784 tasi (35 foizi) yoshlar hissasiga, shundan 106 tasi (5 foizi) voyaga yetmaganlar ulushiga toʻgʻri kelgan. Mazkur jinoyatlarni sodir etishda 683 nafar yosh, shundan 103 nafar voyaga yetmaganlar ishtirok etgan.

Joriy yilning olti oyida yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 215 taga yoki 37,8 foizga, shundan voyaga yetmaganlar jinoyati 74 taga yoki 231 foizga koʻpaygan.

Yoshlar tomonidan bir qotillik, uchta transport vositasini olib qochish, toʻrtta nomusga tegish, sakkizta talonchilik, oʻn bitta ogʻir tan jarohati yetkazish, 54 ta bezorilik, 139 holda firibgarlik va 564 ta boshqa turdagi jinoyatlar sodir etilgan.

Toʻgʻri, keyingi oylarda huquqni muhofaza etuvchi organlarning tegishli tashkilotlar bilan hamkorligi natijasida bunday jinoyatlar va huquqbuzarliklar soni kamayishi kuzatilmoqda. Lekin bu xotirjamlikka asos boʻla olmaydi. Binobarin, “beshlik” tizimidagilar ham, taʼlim muassasalari hamda jamoatchilik vakillari ham “Mahallamiz jinoyatdan xoli hudud boʻlishi zarur” degan maqsadda “Qoʻqon shahar tajribasi” asosida ishlashi zarur. Seminarda shu tajriba mazmun – mohiyati atroflicha ochib berildi.

Tadbir qatnashchilari respublika ekspertlar guruhi ishtirokida test sinovlaridan oʻtdilar.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер