Mahalladoshlar tashabbusi bilan maktabga qoʻshimcha bino qurib berildi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Oltiariqning eng chekka hududlari sirasiga kiruvchi “Azimobod” mahalla fuqarolar yigʻini ahli ezgu maqsad yoʻlidagi uyushqoqligi bilan tilga tushgan. Mahalladoshlar tashabbusi tufayli keyingi yillarda hudud infratuzilmasi yaxshilanib, taʼlim muassasalari, koʻchalar obod boʻldi.

Xususan, mahalladagi 26-umumtaʼlim maktabi taʼmirdan chiqarildi, maktabgacha taʼlim tashkiloti uchun 240 oʻrinli qoʻshimcha bino qurilib, yarim asr oldin bunyod etilgan bogʻchaning qamrov imkoniyatlari kengaytirildi. Shuningdek, 350 mln soʻm homiylik mablagʻlari hisobiga mahalla binosi mukammal taʼmirlandi. Eskirib ketgan 16 ta kichik, 2 ta katta koʻpriklar yangidan qurilishi uchun 400 mln soʻm homiylik mablagʻi yigʻildi. Oʻz navbatida elektr, ichimlik suvi taʼminoti yaxshilandi, ichki koʻchalarga shagʻal yotqizildi va asfaltlashtirildi.

— Kuni kecha ezgu tashabbuslar davomi sifatida 26-umumtaʼlim maktabiga 360 oʻrinli qoʻshimcha oʻquv binosi qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi, — deydi azimobodlik taʼlim faxriysi Baxtiyor Elchiyev. — Oʻzim uzoq yillar mazkur taʼlim muassasasida oʻqituvchi, direktor boʻlib ishlaganman. Haqiqatdan ham sinf xonalari, bino yetishmasligi katta muammo edi. Bu hamqishloqlarimiz ahilligining yana bir amaliy ifodasi boʻldi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, mahalla ahli va taʼlim sohasi fidoyilarini samimiy muborakbod etdi. Azimobodliklarning ibratli tashabbuslari barcha uchun yuksak namuna ekanligini taʼkidladi.

Aytish joiz, bugungi kunda mahalladagi 1879 ta oilada 6 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring