Mahalla drayveri: yiliga 700 tonna limon eksport qilinmoqda

14:25 28 Oktyabr 2024 Jamiyat
208 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Uchkoʻprik tumanidagi mahallalardan 30 dan ortigʻi ishsizlikdan xoli hududga aylangan boʻlib, bu borada har bir mahalla drayverini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani muhim omil boʻlmoqda.

“Katta Qashqar” mahalla fuqarolar yigʻini birinchilardan ushbu maqomga erishgan va limonchilik, sitrus mevalar yetishtirish, koʻchatchilik hududning asosiy drayveri hisoblanadi. Ayni paytda mahalladagi 1367 ta xonadonning 900 ga yaqinida limon yetishtiriladi. Natijada har yili oʻrtacha 800 tonna limon hosili olinib, uning 700 tonnasi MDH davlatlariga eksport qilinmoqda.

Aytish joiz, keyingi yillarda mahallada limon bilan birga, mandarin, apelsin kabi noyob sitrus mevalar yetishtirish, koʻchatchilik jadal rivojlanyapti. Mahallada bir necha limonchilik kooperatsiyalari tashkil etilib, sitrus mevalari koʻchatlari yetkazib berish, agrotexnik va kimyoviy ishlov berish, tayyor mahsulotni sotib olishgacha boʻlgan barcha jarayonda tomorqachilarga koʻmaklashiladi.

— Xonadonlarda asosan 2-6 sotixli, baʼzilarida 20 sotixgacha issiqxonalar barpo etilgan, — deydi “Katta Qashqar” MFYdagi hokim yordamchisi Sohibnazar Xudoyberganov. — Bitta oila limonchilikning oʻzidan yiliga oʻrtacha 100 million soʻmgacha daromad oladi.

Yaqinda mahallada yashovchi qariyb 250 ta oilaga auksion orqali ijaraga 38,1 gektar yer ajratib berilib, katta hajmli zamonaviy issiqxonalar tashkil etishga kirishildi. Limon koʻchatlari hosilga kirguniga qadar esa issiqxonalarda toʻqsonbosti ekinlari, sholi parvarishlash orqali qoʻshimcha daromad olish mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер