Mahalla — ahillik va hamjihatlik maskani

14:16 17 Mart 2026 Jamiyat
167 0

Navroʻz ayyomi yurtimizda keng nishonlanayotgan shu fayzli kunlarda Shoʻrchi tumanining “Kakan” mahallasida yangidan taʼmirlanib, barpo etilgan mahalla idorasi foydalanishga topshirildi.

Eʼtiborlisi, mazkur binodagi qurilish va taʼmirlash ishlari xalqimizga xos boʻlgan hashar yoʻli bilan amalga oshirildi. Mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va tashabbuskor fuqarolar bir yoqadan bosh chiqarib, qisqa muddat ichida binoda zarur taʼmirlash ishlarini bajardilar. Natijada mahalla hayotini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladigan zamonaviy va qulay sharoitlarga ega idora foydalanishga tayyor holga keltirildi.

— Yangilangan mahalla idoramizda aholi bilan uchrashuvlar oʻtkazish, fuqarolar murojaatlarini qabul qilish, turli ijtimoiy va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, — deydi “Kakan” MFY raisi Nurmuhammad Nazarov. — Bu esa mahalladagi ijtimoiy hayotni yanada jonlantirishga, aholi bilan muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi. Eng asosiysi, yangi taʼmirlangan idora mahalladagi “yettilik” faoliyatini samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yerda fuqarolar muammolarini oʻrganish, aholi bilan muloqot qilish hamda turli tadbirlarni oʻtkazish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Mahalla idorasining ochilish marosimi munosib tarzda nishonlanib, tadbir doirasida iftorlik ham tashkil etildi. Bu esa mahalla ahlini yanada yaqinlashtirib, oʻzaro mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamladi.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?