“Kanalizatsiyaga tashla, oqib ketadi” demang

15:45 26 Mart 2026 Jamiyat
281 0

Bugun respublikamiz boʻyicha oqova suvlarni chiqarib yuborish va tozalash darajasi qariyb 23 foizga yetgan. Birgina poytaxtimizni oladigan boʻlsak,uchta Boʻzsuv, Salar hamda Bektemir oqova suvlarni tozalash inshootlari kuniga jami 1mln. 600 ming kub metr hajmdan ortiq badboʻy suvlarni qayta ishlab, tabiatga qaytarmoqda. Taajjubki, xuddi shu joyda gʻoyat achinarli holat yuz berayapti. Poytaxtdagi bir qator korxonalar qatori, hovliyu koʻp qavatli uylarda yashayotgan aholi ming turli chiqindilarni ham oqova suvlar tarmogʻiga tashlab yubormoqda. Bu oʻz navbatida tozalash inshootlaridagi uskunalarni ishdan chiqishiga, shahar havosining yanada ifloslanishiga, ekologiyani keskin buzilishiga olib kelyapti. Bu haqda respublika Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi Ilhom Dadaxodjayev shunday dedi:

-Kanalizatsiya – zamonaviy shaharning yuragi, usiz ekologik sogʻlom muhit haqida soʻzlashning oʻzi ortiqcha. Ana shu jarayonda aholining maʼnaviy qiyofasiyu tozalik-ozodalikka eʼtibori ham yaqqol namoyon boʻladi. Afsuski, poytaxtimizdagi 15 ta toʻqimachilik korxonasi va 3 ta qushxona qatori aholi ham oqova suv tarmogʻiga oʻta badboʻy va turli chiqindilarni, kimyoviy moddalarni muttasil tashlab yubormoqda. Mol terisi, uni kallasi, eski kiyim -kechak, yirtilgan tufli, goʻdaklarning ishlatilgan “pampersi”,qoʻyingchi, xonadonda keraksiz tuyulgan barcha narsa oqova suv quvurida suzib kelyapti va tozalash uskunalariga tiqilmoqda. Birgina “Salar ” korxonasining oʻzida kuniga 4 tonnadan ortiq suvda erimaydigan kattayu kichik chiqindilardan 4 tonnasi kuniga “gʻalvir”ga tiqilmoqda. Ogohlantirishu jarimalar qoʻllash mutlaqo samara berayotgani yoʻq. Oʻrganishlar natijasida bunga oʻzimiz ham amin boʻldik.

Masalan, Boʻzsuv oqova suvlarni tozalash inshootida boʻlgan chogʻ, qip-qizil tusdagi suvni koʻrib mutasaddilarga “nega bunaqa” dedik. “Toʻqimachilik korxonasining chiqindi suvi, ishlatib boʻlingan boʻyoq “kanalizatsiya” tarmogʻiga agʻdarilgan. Endi buni tozalab boʻlmaydi, dalaga ham shu zayl chiqib ketadi. Chunki korxonamizda oqova suvlar tarkibidagi boʻyoqlarni tozalaydigan texnologiyaning oʻzi yoʻq, koʻzda ham tutilmagan”, deyishdi.

Aslida, toʻqimachilik korxonasi turli zaharli boʻyoqni qoʻllash orqali mahsulot ishlab chiqarayaptimi, foyda olyaptimi, chiqindiga aylangan boʻyoqni oqovaga suvga toʻkmay, oʻzining birlamchi tozalash inshootida chigʻiriqdan oʻtkazmogʻi kerak. Chunki zaharli boʻyoqqa toʻyingan suv dalaga yetib borgach ekinni ham quritadi, uni foydasidan koʻra ziyoni koʻp. Afsuski, koʻpchilik korxonalarda birlamchi tozalash tizimining oʻzi yoʻq, borlarini ham ortiqcha xarajat, deya ishlatishmaydi. Chunki bizda oqova suvga zaharli boʻyoq oqizish uchun javobgarlik chet eldagidek qattiq emas. E, noinsof, suvga tupurish ham dinu diyonatda yoʻq, bu nima qilganing, deya hech kim bong urmaydi ham. Zamonaviy dunyoda esa ichimlik suvi yo oqova suv boʻladimi, har ikkisini ham bulgʻagan odam jamiyatu davlat oldida qattiq malomatu jazoga roʻbaru boʻladi. Aholining turli maishiy chiqindilarni oqovaga suvga tashlab yuborishi uchun ham amaldagi qonunchiligimizda “qizil” chiziq, qatʼiy javobgarlik yoʻq. Ana shu sababli bugun “kanalizatsiya” tizimidagi sunʼiy muammolar, poytaxtning “Oʻzgarish”, “Qumariq”singari oʻnlab mahallalaridagi havoning ifloslanishi odat tusini olmoqda. Ayniqsa yoz keldi, deguncha ahvol yanada yomonlashadi. Menimcha bunga qonuniy yoʻl bilan butkul barham berish kerak. Oqova suv inshootlarini shahardan tashqariga chiqarish, shu orqali dunyoga yuz tutgan, sayyohlik salohiyati oshib borayotgan yurtimiz poytaxtining ekologik qiyofasini, bebaho havosini havas qiladigan darajaga keltirish esa davr talabidir.

Abdunabi ALIQULOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?