Londonda yuqori issiq harorat tufayli odamlar evakuatsiya qilindi

19:23 20 Iyul 2022 Dunyo
928 0

Foto: Reuters

Angliya poytaxti London shahrida kuzatilgan rekord darajadagi jazirama tufayli yongʻinlar sodir boʻldi. Shu bois aholisi uylaridan evakuatsiya qilinmoqda, yuzlab oʻt oʻchiruvchilar joylarda ishlamoqda.

Manbaga koʻra, London oʻt oʻchirish boshqarmasi shahardagi vaziyatni jiddiy hodisa sifatida baholagan. Vennington shaharchasida yongʻin oqibatida 300 ga yaqin turar joy vayron boʻldi. Qalin tutun yaqin atrofni qamrab oldi.

Yongʻin poytaxtning Dagenxem va Barking shaharlarida ham qayd etilgan. Bu yerda tan jarohati olgan ikki kishi kasalxonaga yotqizilgan.

London yaqinidagi Apminster, Pinner, Sautgeyt, Xendon, Uembli, Eltam aholi punktlarida ham yongʻinlar qayd etilgan.

Oʻz navbatida, London meri Sodiq Xon shahardagi vaziyatni ogʻir deb atadi. U aholini yaqin kunlarda shahar va shaxsiy bogʻlarda, shuningdek, hovli va balkonlarda oʻt oʻqib taom pishirmaslikka chaqirdi. London oʻt oʻchirish boʻlimi odatda kuniga 300-350 ta qoʻngʻiroqni qabul qilgan. Merning aytishicha, seshanba kuni chaqiruvlar 1600 tadan oshib ketgan.

Seshanba kuni avvalroq Buyuk Britaniyada harorat rekordi qayd etilgani xabar qilingandi: Selsiy boʻyicha 40 darajadan yuqori. Londondagi Xitrou aeroporti hududida termometr Selsiy boʻyicha 40,2 darajaga koʻtarilgan.

Buyuk Britaniyadagi avvalgi eng yuqori harorat 38,7 daraja boʻlib, u 2019-yilda Kembrij universitetining botanika bogʻida qayd etilgan.

Buyuk Britaniyadagi gʻayritabiiy issiqlik tufayli poyezdlar harakatida uzilishlar kuzatilmoqda. Bir qancha temir yoʻl va avtomobil yoʻllari yopilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?