“Lokomotiv” “Bunyodkor”da, “Navbahor” “Olimpiya” stadionida oʻynaydi

16:39 11 Yanvar 2026 Sport
209 0

2026-yilgi mavsumda Oʻzbekiston Superligasi jamoalari qaysi stadionlarda oʻynaydi? Oʻzbekiston Professional futbol ligasi bu haqda oʻz sahifasida maʼlumot berdi.

“Soʻnggi 10 kun davomida Liga mana shu savolga javob topish ustida ishladi. Buning ham yaxshi, ham noqulay tomoni bor.

Yaxshi tarafi shundaki, mamlakatdagi stadionlar bosqichma-bosqich rivojlanib bormoqda. Taqvim va qurʼa mexanizmlarini shakllantirish tomonlama Liga, oʻz sevimli klubi ishtirokidagi uchrashuvni doim ham oʻz stadionida tomosha qila olmaydigan muxlis, shuningdek, har safar boshqa arenaga koʻchib yurishga majbur klub buning noqulay tomonlarini oʻz tanasida his qilmoqda», — deyiladi OʻzPFL xabarida.

Shuningdek, ushbu maʼlumotda qaysi jamoalarning stadioni yangi mavsumga tayyorligi haqida quyidagilar aytilgan:

“7 ta klub futbol maydoni holatidan kelib chiqib, mavsumni oʻz arenasida boshlashi mumkin: Andijon, Neftchi, Qoʻqon-1912, Bunyodkor, Dinamo, Surxon, Xorazm. Bunyodkor stadioni barcha koʻrsatkichlar boʻyicha Liga tomonidan qoʻyilgan mezonlarga toʻgʻri keladi. Respublikadagi qolgan barcha stadionlar esa teletranslyatsiyalar yoʻnalishida ish olib borib, mavjud kamera platformalarini kabellashtirish va ulanishlarni yagona Patchroom orqali markazlashtirish tizimini joriy etishi lozim”.

Stadioni taʼmirlanishda davom etayotgan va taʼmirlanishi kerak boʻlgan klublar haqida esa quyidagilar taʼkidlangan:

“Paxtakor, Qizilqum va Buxoro klublari oʻz uy oʻyinlarini oʻtkazadigan stadionda ishlar davom etayotgan boʻlib, bunda ular mavsum startiga qadar tayyor boʻlishga kafolat bermoqda. Ulgurmagan klub yoki boshqa stadion bilan shartnoma imzolashi yoki uy oʻyinlarini ham raqib maydonida oʻtkazishiga toʻgʻri keladi. Buxoro “Superliga reglamenti”ning 4.7-bandini bajarish ustida ishlamoqda. Boisi, mazkur viloyatda maydon parvarishi uchun moʻljallangan zarur texnika mavjud emas. Qizilqum esa “Yoshlik” SM proyektorlarini talab etilgan koʻrinishga keltirish ishlarini boshlagan. Oʻz navbatida, Paxtakor taʼmirlash ishlarini yakuniy bosqichda olib bormoqda.

Qolgan 6 ta klub mavsumni boshqa arenalarda boshlaydi. Qashqadaryoning ikki klubi Qarshidagi Markaziy stadion tayyor boʻlishini kutadi va u Liga tomonidan qabul qilib olingach, Qarshi shahriga qaytadi. Rejaga koʻra, “Nasaf” klubiga qarashli stadion aprel oyidan boshlab Superliga oʻyinlarini qabul qilishi mumkin. “Lokomotiv” va OKMK stadionlari ham aprel oyiga tayyorgarlik koʻrmoqda. Namangandagi stadion tayyor holatga may oyida yetib kelishi katta ehtimol. “Soʻgʻdiyona” esa Zomindagi stadionni Superliga uchrashuvlariga moslashtirish harakatiga tushgan. Ish rejadan tashqari kechiksa, klub raqiblarini Samarqandda qabul qiladi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?