“Liverpul”dan kambek, “Barselona”dan yirik gʻalaba

11:25 19 Mart 2026 Sport
181 0

Kecha, 18-mart kuni Yevropa chempionlar ligasi musobaqasining nim chorak final bosqichi oʻyinlari davom ettirildi. Kun doirasidan oʻrin olgan bahsda “Liverpul” jamoasi oʻz maydonida Turkiyaning “Galatasaroy” klubini qabul qildi.

Ushbu jamoalar oʻrtasidagi dastlabki oʻyin Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan va unda mezbon jamoa 1:0 hisobida gʻalaba qozongan edi. Shundan soʻng, koʻplab mutaxassislar javob bahsi oldidan “Galatasaroy” yaxshi imkoniyatga ega boʻlib olgani haqida yozishdi. Ammo, amalda “Liverpul” kambek amalga oshirdi.

Oʻyinda hisob 25-daqiqada Dominik Soboslay tomonidan ochildi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobida yakunlandi. Ikkinchi boʻlimning 51-daqiqasida Ugo Ekitike jamoasini ikki oʻyin natijasiga koʻra hisobda oldinga olib chiqdi. Oradan 2 daqiqa oʻtib, Rayan Gravenberx “Liverpul”ning uchinchi golini kiritdi. 62-daqiqada Muhammad Saloh oʻyindagi soʻnggi golni kiritdi. Shu tariqa “Liverpul” musobaqaning chorak finaliga yoʻl oldi.

Dastlabki oʻyinda “Nyukasl” bilan Angliyada durang oʻynagan “Barselona” muxlis-u mutaxassislarning tanqidlari ostida qolib ketgan edi. Ammo, bu safar “kataloniyaliklar” raqibni ayashmadi.

Uchrashuvda hisob oltinchi daqiqadayoq ochildi. Golga Rafinya mualliflik qildi. 15-daqiqada Elanga hisobni tenglashtirdi. Oradan 3 daqiqa oʻtib, “Barselona”ning yosh futbolchisi Mark Bernal hisobni 2:1 koʻrinishiga keltirdi. 28-daqiqada esa Elanga yana hisobni tenglashtirdi. Birinchi boʻlimga hakam tomonidan qoʻshib berilgan daqiqalarda bosh hakam “Nyukasl” darvozasiga penalti belgiladi. 11 metrlik jarima toʻpini Lamin Yamal aniq amalga oshirib, jamoasini tanaffusga gʻolib holatda olib chiqdi.

Ikkinchi boʻlimning 52-daqiqasida Fermin Lopes mezbonlarning toʻrtinchi golini kiritdi. 56-daqiqada Robert Levandovski ham oʻz hisobiga bitta gol yozdirib qoʻydi. 62-daqiqada Levandovskining oʻzi dublga erishdi. 72-daqiqada Rafinya oʻyindagi soʻnggi golni kiritdi. Shu tariqa “Barselona” klubi musobaqaning chorak finaliga yoʻl oldi.

Dastlabki oʻyinda “Atalanta”ni oʻz muxlislari koʻz oʻngida magʻlubiyatga uchratgan “Bavariya“ klubi bu gal ham ushbu jamoani yirik hisobda magʻlubiyatga uchratdi.

Uchrashuvda hisob 25-daqiqada Xarri Keyn tomonidan ochildi. 54-daqiqada Xarrining oʻzi jamoasining ikkinchi golini kiritdi. Oradan 2 daqiqa oʻtib Lennart Karl “Bavariya”ning uchinchi golini kiritdi. 70-daqiqada Luis Dias “Bavariya”ning ushbu bahsdagi soʻnggi golini kiritdi. 85-daqiqada mehmonlar futbolchisi Lazar Samardjich hisobni bittaga qisqartirdi. Shu tariqa ikki oʻyin natijasiga koʻra 10:2 hisobida gʻalaba qozongan “myunxenliklar” musobaqaning chorak finaliga yoʻl olishdi.

Dastlabki oʻyinda Madrid shahridan 5:2 hisobidagi magʻlubiyat bilan qaytgan “Tottenhem” jamoasi bu gal oʻz maydonida “matraschilar”ni qabul qildi. Uchrashuv London jamoasining 3:2 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.

Gʻoliblardan gollarga Xavi Simons (2 ta) va Randal Kolo Muani mualliflik qildi. “Atletiko”ning javob gollari esa Xulian Alvares va David Xansko hisobiga yozildi. Ammo, ushbu gʻalaba “Tottenhem”ning keyingi bosqichga yoʻl olishi uchun yetarli boʻlmadi.

Shu tariqa musobaqaning nim chorak final bosqichi oʻz yakuniga yetdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер