Langar ota ziyoratgohi sayyohlar uchun muhim obyektga aylanadi

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 24 – 25-oktyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Qamashi tumanidagi Maydanak observatoriyasi joylashgan hududda turizm zonasi barpo etish loyihasi bilan tanishib, uni amalga oshirish boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar bergandi. Ayni paytda hududda loyiha doirasida qurilish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Zarur infrastruktura tizimlari barpo etilyapti. Bu esa “Qiziltepa — Maydanak” yoʻli boʻyida joylashgan Langar ota ziyoratgohini “Maydanak baland togʻ turistik markazi” yoʻnalishidagi muhim obyektlardan biriga aylantirishi, ziyoratgohga sayyohlar oqimining yanada koʻpayishiga zamin yaratishi tabiiy.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Langar ota ziyoratgohi bundan 500-yil avval, yaʼni 1520-yillarda bunyod etilgan boʻlib, ushbu majmuada tasavvuf taʼlimotining yirik vakillari abadiy qoʻnim topgan.
Langar ota ziyoratgohi, bu yerdagi maqbara va masjid oʻzining tarixi, sir-u sinoatlarga boyligi, noyob arxitektura yechimlarga egaligi bilan sayyohlarni, ziyoratchilarni oʻziga chorlab kelgan. Bu maskanga har gal kelganingizda yangi maʼlumotlarga ega boʻlasiz, ziyoratgoh joylashgan hududning goʻzalliklaridan hayratingiz oshadi. Buni safarimiz davomida yana bir bora his etdik.
Ziyoratgoh xodimi Joʻraxon Nazirov bizni maqbara va uning tarixi bilan tanishtirdi.
— Langar ota ziyoratgohi bunyod etilishi shayx Muhammad Sodiq nomi bilan bogʻlanadi, — deydi u. — Maqbaraning ichida beshta qabr boʻlib, ulardan uchtasi oʻz oʻlchami va qoʻyilgan yodgorlik toshlari bilan alohida ajralib turadi. Toshlar sirtiga mohirlik bilan arab imlosida yozuvlar bitilgan. Maqbara ichidagi qabrlarning joylashishi ham oʻziga xos. Shayxlar xonadoniga mansub boʻlmasa-da, ijtimoiy mavqeyi bilan yuqori lavozimlardan birini egallagan Amirbek Sodiq ibn Bahodirning qabri shayx Muhammad Sodiq qabrining janub tomonida, yaʼni uning oyoq uchida joylashgan.
Joʻraxon Nazirovning qoʻshimcha qilishicha, ushbu maqbaraning Langar qishlogʻida bunyod etilishi bejiz emas. Koʻp yillar davomida bu hudud diniy va dunyoviy ilmlar maskanlaridan biri boʻlib kelgan.
Qadimshunos olim Abdisobir Rayimqulovning qayd etishicha, oʻrta asr muarrixi Ibn Xavqal mazkur qishloq hududi qadimda Kesh viloyatiga boʻysunuvchi Siyam tumaniga qarashli boʻlgani, tumanning nomi, ayniqsa, milodiy 776-yildan soʻng juda mashhur boʻlgani haqida yozadi. Shuningdek, arxeologik qazishma ishlari paytida somoniylar davriga oid gʻishtlar topilgani bu manzilgoh ushbu sulola hukmronligi davrida ham faoliyat koʻrsatganidan dalolat beradi.
XIV-XVI asrlarga kelib bu hudud islom dini rivojiga katta hissa qoʻshgan ilm markazlaridan biriga aylanganini bu yerga olis yurtlardan kelgan ilmga tashna kishilar tasavvuf allomalaridan saboq olishganida koʻrish mumkin.
Shu bilan bir qatorda, Langar ota ziyoratgohida joylashgan maqbara va masjid hududda arxitektura va shaharsozlik ilmi, tajribasi ham nihoyatda rivojlanganini koʻrsatadi. Birgina Langar ota masjidini oladigan boʻlsak, u oʻzining haybati va noyob meʼmoriy yechimlarga egaligi bilan hamon koʻpchilikni hayratga solib kelmoqda.
Ushbu masjid 2 ta xonaqoh, 1 ayvon, 4 mehrob, 19 ta ustun va 7 eshikdan iborat boʻlib, uning balandligi 11, boʻyi va eni esa 32 metrni tashkil etadi. Qurilish uslubidan tortib, ishlatilgan ashyolariga qadar sir-u sinoatga burkangan.
— Masalan, bir necha yil avval masjidni taʼmirlash rejasi bilan Toshkent shahridan mutaxassislar kelishgan edi, — deydi Langar ota masjidi imom-xatibi Abdurahmon Xoliqov. — Shunda bu yerga taʼmirlash uchun zarur boʻladigan ayrim qurilish materiallarini qanday olib chiqish muammosi yuzaga keldi. Ancha maslahatlashuvdan soʻng mutaxassislardan biri “Bizda-ku shuncha qudratli texnikalar bor. Lekin ajdodlarimiz bu ulkan ustunlarni qanday qilib bu baland tepalikka olib chiqishgan ekan?” deb qoldi. Haqiqatan ham bu jumboq. Axir bu ustunlarni na ot, na tuya koʻtara oladi-da.
Abdurahmon Xoliqovning taʼkidlashicha, Langar ota masjidi mamlakatimizdagi bugun ham faoliyat yuritayotgan va asl holida saqlanib qolgan jome masjidlari ichida eng qadimiylaridan biri hisoblanar ekan. Bu masjid besh asr davomida deyarli oʻzgarishlarsiz saqlanib kelingan.
Ayni vaqtda esa masjid oldida qoʻshimcha xonalar qurilib, ziyoratchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Shuningdek, masjid devori va ayrim bezakli qismlari AQSH va italiyalik mutaxassislar tomonidan tarixiylik koʻrinishiga zarar yetkazilmagan holda taʼmirlanmoqda.
Xulosa oʻrnida aytganda, mamlakatimizda turizmni rivojlantirish maqsadida olib borilayotgan keng koʻlamli amaliy saʼy-harakatlar Qamashi tumanidagi Langar ota ziyoratgohiga ham sayyohlar oqimining koʻpayishiga xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring