Kuzgi daraxt ekish ishlariga kirishildi

18:30 18 Oktyabr 2023 Jamiyat
433 0

Ellikqalʼa tumanidagi “Boʻston-91” fermer xoʻjaligi dalasida “Yashil makon” loyihasi doirasida koʻchat ekish, parvarishlash, gʻalla maydonlariga yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish yuzasidan koʻrgazmali seminar oʻtkazildi.

Barchamizning xabarimiz bor, shu yilning 14-oktyabr kuni Prezidentimiz Toshkentdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishish davomida Oqtepa mahallasida jamoatchilik bilan birga koʻchat ekib, “Yashil makon” loyihasining kuzgi mavsumiga start bergan edilar.

Ellikqalʼada oʻtkazilgan seminar ham “Yashil makon” loyihasi doirasida koʻchat ekish tadbiri bilan boshlandi. Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Ellikqalʼa, Amudaryo,Toʻrtkoʻl va Beruniy tumanlarining hokim oʻrinbosarlari, irrigatsiya boʻlimi rahbarlari, qishloq va suv xoʻjaligiga aloqador tashkilotlar rahbarlari hamda tumandagi namunali fermer hamda tomorqachilar ishtirok etib, dala chetida tayyorlangan maydonga uzum va tut daraxti koʻchatlarini ekdilar.

— Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan boshlangan“Yashil makon” loyihasi doirasidagi kuzgi daraxt ekish ishlariga Qoraqalpogʻistondagi suvchilar faol kirishmoqdalar, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri B.Juzbayev. — Suv xoʻjaligi obyektlari atroflari, kanal va kollektorlar boʻylariga kuz mavsumining oʻzida 129 ming dona koʻchat ekish nazarda tutilgan. Prezidentimizning koʻchat ekishda har bir hududning tuproq sharoitini inobatga olish borasidagi koʻrsatmalaridan kelib chiqqan holda olimlar va agronomlar tavsiyalari bilan Qoraqalpogʻiston sharoitiga mos boʻlgan daraxt koʻchatlarini ekishni rejalashtiryapmiz.

Bu boradagi ishlarimizni tizimli tashkil qilish maqsadida 25-oktyabrni kutib oʻtirmasdan bugungidek koʻrgazmali seminarlar tashkil qilib, hozirdanoq koʻchatlar zaxirasini yaratish, koʻchat yetishtiruvchi tegishli korxonalar shartnomalar tuzish va koʻcha ekiladigan maydonlar hamda sugʻorish tarmoqlarini tayyorlash boʻyicha vazifalarni belgilab olmoqdamiz.

Seminar yakunida boshqa tumanlarda ham koʻchat ekish, ularni sugʻorish ishlarini tashkil qilish, gʻalla maydonlariga yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini keng joriy qilish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер