Kutubxona fabrikaga aylanmasin
Kitob – inson maʼnaviyatining xazinasi, bebaho boylik. Taʼbir joiz boʻlsa, dunyoning sakkizinchi moʻjizasi. Shuning uchun ham uning oʻrnini hech narsa bosolmaydi. Bashariyatning buyuk kashfiyoti hisoblangan kitobni hech nima bilan almashtirib ham boʻlmaydi. Chunki kitob – oʻzining sahifalarida odamning tafakkurini mujassam etgan, tarix solnomalari va hayot haqiqatlari bitilgan moʻtabar manba. Kitob oʻqigan inson maʼnaviyatli, teran fikrlaydigan, mulohazali, eng muhimi, yaxshi va halol inson boʻlib kamol topadi.
Kun sayin rivojlanib borayotgan yurtimizda kitobxonlik madaniyati odamlar orasida, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida bir qadar oqsayotgandek, nazarimda. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan davlat byudjeti hisobidan “Mutolaa” platformasi tashkil qilinib, oʻzbek va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalari elektron ravishda bir joyda jamlanganini eʼtirof etish, bu platforma kitobxon yoshlar safini minglarcha koʻpaytirganini olqishlash adolatdan boʻladi. Biroq, shu yetarlimi, xotirjamlik uchun kafolat boʻla oladimi, degan ogʻriqli savollar ham yoʻq emas.
Prezidentimizning 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi oʻrtasida kitob oʻqishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori barcha kitobxon yurtdoshlarimizni quvontirdi. Ammo...
Hozirgi Nurafshon shahri “Toʻytepa” mahallasida joylashgan Oʻrta Chirchiq tumani markazlashgan kutubxonalar tizimi idorasi kutubxona tugatilgach, uzoq yillar dorixonaning omborxonasi vazifasini oʻtadi. Endilikda esa qaysi bir tadbirkor bu sobiq ziyo maskani oʻrnida eshik va deraza romini tayyorlaydigan fabrikaga asos solayotgani tashvishli. Bu ahvolni koʻrib qalbiga ziyo quyoshi nur sochib turgan har kim ham qattiq afsuslandi...

Koʻpchilik yaxshi eslasa kerak, atoqli davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Aziz Qayumov vafotidan atigi bir hafta ilgari oʻsha vaqtdagi Toshkent shahri hokimiga ochiq xat yozib, uni matbuotda eʼlon qilgandi. Unda Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyining bir qismi xususiy tadbirkorga berib yuborilgani, binoning aynan shu qismida tarixiy devoriy suratlar va eksponatlar saqlanishi, bu ish moʻmay daromad keltirsa-da, milliy maʼnaviyatga jiddiy zarar yetkazishi haqida yozilgan edi. Oʻz ishidagi kamchilikni uqqan hokim Adabiyot muzeyining binosini toʻliq madaniyat muassasasi ixtiyoriga qaytargandi.
Bugun oramizda Aziz Qayumov yoʻq, Adabiyot muzeyi ham toʻliq muzey tasarrufida. Lekin bitta ochiq xat va maʼnaviyat uchun eʼtiborga ehtiyoj bor. Biz yoshlar kitob oʻqimasligi, ularning bu borada dangasaligi, ayrim adabiyot muallimlariga pedagogik mahorat yetishmasligi haqida koʻp va xoʻp soʻzlaymiz. Masalaga kengroq dunyoqarash bilan nazar solaylik-chi.
Deylik, Nurafshon shahrining “Toʻytepa” mahallasida joylashgan va bir necha oʻn yillar tuman markaziy kutubxonasi vazifasini bajargan mazkur bino yangi ishlab chiqarish obyektiga emas, koʻhna madaniyat dargohiga aylansa, qanday boʻladi? Menimcha, qanddek boʻladi! Bino qayta taʼmirlanib, uning mutolaa xonalari yangi jihozlar bilan taʼminlansa, kutubxona binosining oʻzi esa madaniy meros obyekti sifatida eʼtirof etilsa, risoladagidek ish boʻlardi. Hozirgi yoshlarni kitobxonlikka qiziqtirishning bir qancha yoʻllari bor. Shulardan biri kitobxonlik turizmidir. Koʻhna kutubxona jozibasi koʻplab yoshlarni oʻziga jalb etishi, ularni kitob mutolaasiga targʻib qilishiga ishonamiz.
Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring