“Kurash — meni irodali, kuchli qilib tarbiyaladi”
Shohida Ahmedova Samarqand davlat universitetining Sport faoliyati va sanʼat fakulteti talabasi. Erkin kurash sport turi boʻyicha Yoshlar olimpiadasi hamda Osiyo chempionati kumush medali sohibi. Yetti karra Oʻzbekiston chempioni. 2016-yildan boshlab Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi.
Hali yosh boʻlsada, oʻz sohasi boʻyicha koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritib kelayotgan Sh. Ahmedova bilan suhbatlashib, uning qarashlari va kelgusidagi maqsadlari bilan qiziqdik.
— Sportga bolaligimdan qiziqaman, — deydi u. — Hozirda yigirma yoshdaman. Mana, yetti yildirki, hayotim mazmuniga aylangan kurash bilan shugʻullanib kelyapman. Ayniqsa, ota-onam sport bilan shugʻullanishimni doim qoʻllab-quvvatlagan.
Ilk marotaba murabbiyim Salomat Koʻchimova qoʻl ostida shugʻullana boshlaganman. Hozirda bir qator yutuqlarga erishdim. Albatta, bularning barchasiga ota-onam va murabbiylarimning hissasi juda katta.
2015-yilda oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionatidagi ilk musobaqam kechagidek yodimda. Oʻsha paytda natijasi nima boʻlar ekan, gʻalabaga erisha olamanmi degan oʻy-xayol meni tashvishga solardi. Hattoki, bu tashvish menda kuchli qoʻrquvimga sababchi boʻlgan. Tatamiga chiqar ekanman, ich-ichimdan gʻalaba qozonishimga ishondim va qoʻrquvdan asar ham qolmadi. Birin-ketin raqiblarim ustidan gʻalaba qozonib, oltin medalni qoʻlga kiritdim. Bu mening sport faoliyatimni yanada shiddat bilan davom ettirishga undardi. Shu tariqa har yili oʻtkaziladigan Oʻzbekiston chempionatida yuksak natijani qoʻlga kiritib keldim.

2017-yil Osiyo chempionatida (Tailand) musobaqa paytida yarim finalda kurash jarayonida belimdan qattiq jarohat olganman. Uchinchi oʻrin uchun kechadigan bellashuvda jarohat sabab musobaqani davom ettirishimga murabbiylarim ruxsat bermagan.
Ogʻriq tufayli yetti oy sport bilan shugʻullanishga imkonim boʻlmadi. Inson sportda doim gʻalabani emas, balki magʻlubiyatni ham birdek tan olishi kerak ekan.
Kurash meni irodali, kuchli qilib tarbiyaladi. Orzularimning ushalishiga sababchi boʻldi. 2018-yil Osiyo chempionatida (Toshkent) boʻlgan musobaqada ikkinchi oʻrinni egallab, Argentinada boʻlib oʻtadigan Yoshlar olimpiadasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritganman. Ushbu musobaqada esa, faxrli ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritib, kumush medali sohibi boʻldim.
Sportda erishgan natijalarim sabab Samarqand davlat universitetiga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilindim. Bu yerda malakali mutaxassislar tomonidan nazariy hamda amaliy bilimlarni egallab kelmoqdaman. Hozirgi kunda kelasi yilda Xitoyda oʻtkaziladigan Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik koʻryapman.
Hayotda oʻz oldimga ulkan marralarni zabt etishni maqsad qilganman. Jahon chempionati va “Parij — 2024” Olimpiada oʻyinlarida qatnashib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilmoqchiman.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi Behruz Shamsiddinov
yozib oldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring