Kunduzi tez-tez uxlab qolasizmi? Bu xavfli miya kasalligi xavfini ikki baravar oshganini anglatishi mumkin

Soʻnggi tadqiqotlarga koʻra, 80 yoshdan oshgan ayollarda besh yil davomida kunduzi ortib borayotgan uxlab qolish demensiya, yaʼni miya kasalligining rivojlanish xavfini ikki baravar oshirishi mumkin.
Bu haqda 2025-yil 19-mart kuni “Neurology” jurnalida chop etilgan ilmiy maqolada maʼlum qilindi. Shunga qaramasdan, olimlar bu holat demensiyaga sabab boʻladi degan xulosaga kelmagan boʻlsada, uyqudagi oʻzgarishlar va kognitiv pasayish oʻrtasida bogʻliqlik mavjudligini aniqlagan.
Tadqiqot muallifi, Kaliforniya universiteti olimi Yue Lenning taʼkidlashicha, uyqu miya faoliyati uchun juda muhim boʻlib, miyaning dam olishi va qayta tiklanishiga yordam beradi. Tadqiqotchilar uyqu va demensiya oʻrtasidagi aloqani batafsil oʻrganmagan boʻlsada, ushbu tadqiqot natijalari uyqu muammolari keksayish jarayonida demensiya xavfi belgilaridan biri boʻlishi mumkinligini koʻrsatmoqda.
Tadqiqot doirasida 83 yoshli 733 nafar ayol besh yil davomida kuzatildi. Tadqiqot boshida ularda demensiya yoki yengil kognitiv buzilishlar kuzatilmagan. Tadqiqot oxiriga kelib, 164 nafar ishtirokchi (22%) yengil kognitiv buzilishlarga uchragan, 93 nafari (13%) esa demensiya bilan kasallangan.
Tadqiqotchilar ishtirokchilarning uyqu odatlarini oʻrganish uchun bilakka taqiladigan maxsus qurilmadan foydalandi. Ushbu qurilmalar yordamida ishtirokchilarning tungi uyqu sifati, kunduzi uyquchanlik darajasi va sirkadiy ritmlari kuzatildi.
Tadqiqotchilar ishtirokchilarni uch guruhga ajratdi: 44% stabillashgan yoki yaxshilangan uyquga ega boʻlganlar, 35% tungi uyqu sifati pasayganlar, 21% esa kunduzi uyquchanligi ortganlar. Tungi uyqu sifati pasaygan guruhda uyqu sifati va davomiyligi kamaygan, kunduzi uyquga ehtiyoj oshgan va sirkadiy ritm buzilishi kuzatilgan. Kunduzi uyquchanligi ortgan guruhda esa ham kunduzgi, ham tungi uyqu davomiyligi ortib, umumiy uyqu rejimi izdan chiqqan.
Stabil uyqu guruhi ishtirokchilaridan 8% (25 nafar) demensiyaga chalingan boʻlsa, tungi uyqu sifati pasaygan guruhda bu koʻrsatkich 15% (39 nafar), uyquchanligi oshgan guruhda esa 19% (29 nafar) boʻldi. Tadqiqotchilar yosh, taʼlim darajasi, irq va sogʻliq omillarini inobatga olib, natijalarni solishtirganda, uyquchanligi ortgan guruhda demensiya xavfi ikki baravarga ortganini aniqladi.
Olimlar ushbu natijalar kelajakdagi tadqiqotlar uchun asos boʻlishi mumkinligini taʼkidlashdi. Ularning fikricha, uyqu va demensiya oʻrtasidagi bogʻliqlikni toʻliq tushunish uchun uzoq muddatli tadqiqotlar zarur. Biroq tadqiqot asosan oq tanli ishtirokchilarni oʻz ichiga olganligi sababli, uning natijalari butun aholiga nisbatan qoʻllash uchun yetarlicha ishonchli emas.
Shunga qaramay, tadqiqotchilar keksa yoshdagi insonlarda uyqudagi oʻzgarishlar demensiyaning dastlabki belgilaridan biri boʻlishi mumkinligini qayd etib, bunday holatlar kuzatilganida shifokorlarga murojaat qilish muhimligini taʼkidlashdi.
Maʼlumot uchun aytish mumkinki, demensiya bu insonning xotirasi, tafakkuri va kundalik hayotdagi harakatlariga taʼsir qiluvchi miya kasalliklari majmui boʻlib, u kognitiv qobiliyatlarning pasayishi bilan tavsiflanadi. Ushbu holat mustaqil kasallik emas, balki turli nevrologik kasalliklarning belgisi sifatida yuzaga chiqadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Milliy sertifikat imtihoni natijalari 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi — Bilimni baholash agentligi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Ichki ishlar vaziri Buxoro viloyati IIBning 10 ga yaqin rahbarini ishdan boʻshatdi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Yangi hafta avvalida qanday ob-havo kuzatilishi maʼlum qilindi
- “Qutadg‘u bilig” dostoni qo‘lyozmasining faksimile nusxasi yaratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring