Kumush yurgan koʻchalarda...

16:33 11 Dekabr 2024 Jamiyat
204 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Margʻilonda avloddan avlodga oʻtib kelayotgan bir rivoyat bor. Emishki, bir paytlar ushbu diyorning tiniq buloq suvlarini ichish uchun samodan tushgan farishtalar shu yerlik oychehralarning oʻzlarinikidan ham koʻrkam husniga mahliyo boʻlib, ortga qaytib ketishi olmay qolgan. Oʻshandan buyon bedor qalbli oshiq qalblar chiroyli matolar toʻqishadi, aytishlaricha, hunarmand ustalar matolar andozasini oʻsha parivashlarning goʻzal qiyofasidan koʻchirar emishlar...

Ipakchilar shahrining mashhur Oʻram choyxonasi atrofidagi eski mahallada yashovchi, uzoq yillar madaniyat sohasida faoliyat koʻrsatgan 100 yoshli Badriddin ota Fozilovning qayd etishicha, Abdulla Qodiriy “Oʻtkan kunlar“ romani bosh qahramoni Kumushni bejiz Margʻilondan topmagan edi. Boisi asarni yozish asnosida ulugʻ adib bu shaharga juda koʻp kelgan, nuroniylar bilan suhbatlashgan, xayolan Kumush yurgan yoʻllarda sayr qilgan. Boʻzchi Alimqul ham Qodiriyning yaqin doʻsti boʻlgani taxmin qilinishi ham bejiz emas.

Kumushbibi sahar uygʻonib, uyi etagidan oqib oʻtgan ariq boʻyida choʻnqayib oʻtirdi. Ariqda shildirab oqayotgan suv shu yerga kelganda, toʻplanib, girdob hosil qildi. Chiroyiga mahliyo boʻlib, Kumush yuzini yuvayotganda, panjalari orasidan toʻkilayotgan suv dod, deya ariqqa tushyapti, poʻrtana-poʻrtana boʻlib, girdob hosil qilyapti...

Bu tasvirlarda naqadar kuchli poeziya bor. Bunday oʻxshatish tufayli har qanday kitobxon Kumush ishqida oshiq-u beqaror boʻlib qolishi tabiiydir.

— Hozirgi Buyuk ipak yoʻli koʻchasi, Pedagogika kolleji, Hunarmandlar markazi, Said Ahmad Xoʻja maqbarasi atroflarida shaharning qadimiy mahallalari boʻlgan, — deydi taniqli ijodkor, salkam 80 yoshni qarshilayotgan Ismoil Mahmud. — Shu hudud boʻylab ketgan eski yoʻl Xoʻja Maoz ziyoratgohiga tutashadi, Goʻriavval, Xoʻjamagʻiz mahallalari shu yaqin atrofda joylashgan. Demak, Abdulla Qodiriy oʻz qahramonlari prototiplarini shu koʻchalardan topgan boʻlsa kerak.

Bir paytda Kumushbibi yurgan koʻchalar yoʻnalishi boʻylab marshrut ishlab chiqishni maqsad qilgandim. Ammo baʼzi sabablarga koʻra, bu ishni oxiriga yetkazish imkoni boʻlmadi. Maʼlum boʻlishicha, hozirda bunday yoʻnalish yaratish yuzasidan saʼy-harakatlar boshlangan. Margʻilonda ziyorat turizmini rivojlantirishda bu muhim ahamiyatga ega.

Temir yoʻl vokzalidan shahar markaziga qarab yurganda 11-umumiy oʻrta taʼlim maktabi bor. Shu maktab yaqinidagi koʻchada “Oʻtkan kunlar“ syomka qilingan. Mahalla nuroniylari kinoni tasvirga tushirish jarayoni bilan bogʻliq xotiralarni juda yaxshi eslashadi.

— Yoʻrmadoʻz mahallasining Taqachilik koʻchasida katta boʻlganman, — deydi mehnat faxriysi Maʼmura Abdurahimova. — Koʻchamiz boshidagi yoʻl boʻyicha Tojimamat usta yashardi. Jahongashta taqachi ustaning poʻlat sandoni boʻlardi. Otaxon bizga quyidagi hikoyani oʻzgacha maroq bilan soʻzlab berardi:

— Bir kuni kechasi koʻcha eshigim taqillab qoldi. Derazadan qarasam shlyapalik odam koʻrindi. Rosti qoʻrqib ketdim. U paytlar qama-qama zamonidan yurak oldirib qoʻygandik. Joynamozimni taxmonga yashirdim. Kitoblarim orasida “Oʻtkan kunlar“ ham bor edi, uniyam berkitdim. Yuragimni hovuchlab eshikni ochsam, men “Oʻtkan kunlar“ kinofilmini suratga olayotgan rejissyorman.(adashmasam Latif Fayziyevmidi), deya oʻzini tanishtirdi.

Syomka jarayonida muzeydan olgan kishan Otabek bilan Qutidorga ogʻirlik qilayotgan ekan. Bir ikki kun ichida bizga yengil, oyoq-qoʻlni ogʻritmaydigan kishan yasab bersangiz dedi. Kecha-yu kunduz ishladim. Barmoqlarim qabardi. Esingizda boʻlsa Otabek bilan Qutidorni dorga olib ketayotgan epizod bor. Ularning kishanlarini men yasaganman.

Usta syomka jarayoni haqida qiziq voqealarni soʻzlab berardi. U kishining taʼbiricha, Kumush aynan shu koʻchalardan yurgan. Margʻilonda tashqi va ichki hovlilar ipak mato bilan ajratilgan boʻladi. Qiblaga qiyalatib qurilgan ayvonli uylar ham kinoda uchraydi. Oftoboyim margʻilonlik ayollarning tipik vakilasi. Otabekning boshiga xoʻb yarashgan doʻppini ham Oftoboyim va Kumushbibilar tikkan.

— Margʻilonliklar azaldan chorhunar, bolalarning manglayi hunar bilan koʻtariladi, — deydi mashhur chevar Ozoda Madaminova. — Shahar ahli madaniyat, sanʼatga ham ishqiboz. Hunarmandlari ichida gʻazal oʻqimaydigani kam topiladi.

Bugungi kunda ham shahardagi har bir mahalla hunarning u yoki bu turiga ixtisoslashgan. Shu tariqa novvoylar, qandolatchilar, chevarlar, kosiblar, zargarlar, temirchilar, taqachilar, atlaschi-yu adras, toʻn toʻquvchilar, doʻppi tikuvchilar mahallalarining havas qilsa arziydigan tarixi bor. Ota-bobolar, momolardan meros anʼanalar mehr bilan davom ettirilmoqda.

Darhaqiqat, margʻilonliklarning mumtoz adabiyot, sanʼatga mehri yuksakligi bor gap. Oʻn sakkiz yoshli qizning Fuzuliydan “boshini koʻtarolmay“ oʻqishi Kumushning nihoyatda savodxonligidan, adabiyot va nazm tilini yuksak fasohat bilan tushuna olishidan dalolat beradi.

Otabek madrasa koʻrgan yigit edi. Lekin Kumush onasining madrasasida tahsil olgandi. Bugungi kunga qadar Fuzuliyni teran tushunadigan adabiyotshunoslar barmoq bilan sanarli boʻlsa, oddiy uy bekasi, Otabekning zavjasi Kumushning Fuzuliy gʻazaliyotiga bunday murojaati oʻquvchini lol qoldiradi.

Margʻilonlik yosh ijodkor Ahror Ziyodov sunʼiy intellekt yordamida ramziy maʼnoda Kumush yurgan koʻchalar timsolini yaratdi. Balki bu tasvirlarda milliy xususiyatlarni toʻliq aks ettirish imkoni yoʻqdir, biroq sunʼiy idrok tasavvuri baribir hayratga sazovor.

Ayonki, Kumushbibiga xos va xalqimizning eng goʻzal fazilatlarini oʻzida mujassam etgan ibo, hayo, sharqona latofat aslo zavol bilmasdir. Bu kabi ezgu xislatlar hali qanchadan-qancha yangi avlodlar qalbida ana shunday pokiza va bokira tuygʻularni tarbiyalayveradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер