Kuchli davlatni bilimli yoshlar quradi

Keyingi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini toʻliq taʼminlash, ularning qadr-qimmatini ulugʻlash yangi Oʻzbekistonning davlat siyosatida yetakchi oʻringa chiqdi. Ayniqsa, ayollarning taʼlim olishi, ilm-fan bilan shugʻullanishi yoʻlida qulay shart-sharoitlar yaratib berilayotgani tahsinga sazovor.
Bunday imkoniyatlar koʻlamidan nozik xilqat egalari ham motivatsiya olib, bor kuch va shijoatini ilmga baxshida etmoqda. Bugungi kunda 6,2 mingdan ziyod xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgani, ilmiy ishlanmalarning 25 foizi olima ayollarimiz tashabbusi ekanligi ham jamiyatda ularning oʻrni mustahkamlanib borayotganidan dalolat. Ularning orasida xalqaro darajada eʼtirof etilayotgan ilm-fan vakillarining borligi barchamizga faxr-iftixor bagʻishlaydi.
Taʼlim islohotlari samarasi oʻlaroq, yurtimizda teran bilim va dunyoqarashga ega, zamonaviy axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirgan mutaxassislar, ilm-fan sohasida ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritayotgan yosh olimlar safi kengayib borayotgani yanada quvonarli, albatta.
Ilm yoʻlidan borib mamlakat taraqqiyotiga hissa qoʻshishni qatʼiy maqsad qilgan ana shunday yoshlardan biri Muxlisa Norboyevadir. Ayni paytda u Toshkent xalqaro universiteti doktoranti sifatida iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun “Raqamli iqtisodiyot sharoitida valyuta siyosati ustuvorliklarini taʼminlashning konseptual asoslari” mavzuida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
M. Norboyevaning hozirgi kunga qadar mamlakatimiz ilmiy-ommabop nashrlarida iqtisodiyotning dolzarb yoʻnalishlariga oid oʻnga yaqin ilmiy maqolalari eʼlon qilingan. Qolaversa, ikkita darslik va bitta oʻquv-qoʻllanmasi (hammualliflikda) Germaniyaning “GlobeEdit” nashriyotida ingliz tilida nashr etilgan. Shuningdek, “Valyuta siyosati orqali iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash yoʻllari” nomli monografiyasi Germaniyaning “Lap Lambert Academic Publishing” nashriyoti tomonidan nemis, ispan, italyan, fransuz, polyak, portugal, ingliz, rus tillarida chop qilindi.
Xalqaro Nordik universiteti tomonidan nashrga tavsiya etilgan ushbu kitobda mamlakatimizda olib borilayotgan valyuta siyosatini takomillashtirish asosida iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash masalalari tahlil qilinib, bu borada amaliy takliflar ilgari surilgan.
Taʼkidlash joizki, valyuta siyosati tashqi iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishning taʼsirchan vositasidir. Valyuta kursi mamlakat ichki va tashqi iqtisodiyoti bilan oʻzaro bogʻliq boʻlib, uning oʻzgarishi mamlakat iqtisodiyotiga va tashqi iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishiga taʼsir koʻrsatadi. Valyuta kursi va uning kelgusidagi holati tashqi iqtisodiy munosabatlarni, ayniqsa, tashqi savdoni rivojlantirishda asosiy omil boʻlib xizmat qiladi.
Shu jihatdan olganda, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida pul-kredit, fiskal va tashqi savdo siyosatlarini oʻzaro muvofiqlashtirish hamda tovar va xizmatlar bozorida raqobat muhitini yaxshilashga qaratilgan tarkibiy islohotlarni davom ettirish orqali 2030-yilga borib yillik inflyatsiya 5-6 foiz darajadan oshmasligini taʼminlash vazifasi belgilab berilishining oʻziyoq tanlangan tadqiqot mavzusining nechogʻli dolzarb ekanligini koʻrsatadi.
Darhaqiqat, iqtisodiyot tarkibini diversifikatsiya qilish va uning raqobatbardoshligini kuchaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmogʻiga bozor mexanizmlarini izchillik bilan joriy etish, kambagʻallikni qisqartirish va aholi farovonligini yuksaltirish, raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, davlat kompaniyalarini transformatsiya qilish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash hozirgi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishini tashkil etadi.
Ayonki, rivojlanayotgan davlatlarda tashqi savdo aylanmasining koʻpayib borayotgani, xorijiy investitsiyalar kelishining ortayotgani, ichki iqtisodiyotlarning jahon iqtisodiyotiga tobora integrallashayotgani hamda dollarlashuv darajasining keskin koʻtarilib borayotgani ichki iqtisodiyotlarning xalqaro valyuta bozorlaridagi tebranishlarga taʼsirchanligini oshirayotir. Ammo rivojlanayotgan davlatlarda valyuta siyosatining yetarlicha ravnaq topmaganligi va ayniqsa, ularda milliy valyutalarning devalvatsiyaga uchrayotganini koʻrishimiz mumkin.
Aslida, uzoq muddatli iqtisodiy oʻsishga erishish, aholining turmush farovonligini va milliy ishlab chiqarishning samaradorligini doimiy oshirib borish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun qulay muhitni yaratish, valyuta kursi oʻzgarishining eksport salohiyatiga taʼsirini koʻtarish kabi dolzarb muammolarni muvaffaqiyatli hal qilish valyuta siyosatining samarali olib borilishiga bogʻliq. Valyuta bozorini takomillashtirish mamlakat investitsiya salohiyatini yaxshilash, tijorat banklarida esa valyuta operatsiyalari samaradorligini oshirish, pirovardida bank-moliya tizimining rivojlanishiga olib keladi.
Shundan kelib chiqqan holda mazkur ilmiy monografiya ayni muammolarni tahlil qilish barobarida, ularga yechim berishi bilan ham ahamiyatlidir. Qolaversa, davlatimiz rahbarining “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi, “2020 – 2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida”gi, “Valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonlari, shuningdek, tegishli qarorlari va sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga xizmat qiladi.
Ishonchimiz komilki, yosh olima Muxlisa Norboyevaning ushbu kitobi talabalar, iqtisodiyot tarmoqlarida faoliyat olib boruvchi mutaxassislar hamda qiziquvchilar uchun qoʻllanma vazifasini oʻtaydi.
Bahodir HASANOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining
Audit kafedrasi professori,
iqtisodiyot fanlari doktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring