Kosonsoyda yirik majmuaga tamal toshi qoʻyildi

12:23 24 Fevral 2025 Jamiyat
122 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Namangan viloyatida zamonaviy turarjoy mavzelarini barpo etish ishlari tuman markazlariga ham jadal koʻchib oʻtmoqda. Kosonsoy tumanida shunday loyihalardan biri Xitoy Xalq Respublikasi sarmoyadorlari bilan roʻyobga chiqarilmoqda. Mahalliy “Infinity Frameworks” masʼuliyati cheklangan jamiyatining xorijiy hamkor bilan birgalikdagi loyihasining qiymati 100 mln. AQSH dollariga teng boʻlib, yaxlit turarjoy kompleksi va ijtimoiy soha obyektlarini oʻz ichiga olgan. Kuni kecha boʻlajak mavzega tamal toshi qoʻyildi.

— Ushbu loyiha Kosonsoy tumani ijtimoiy-iqtisodiy hayotida juda katta ahamiyat kasb etadi. Uning natijasida tumandagi mingdan ziyod oilalar zamonaviy qulayliklarga ega boʻlgan uy-joylar bilan taʼminlanishi, albatta, xalqimizda ayni sohadagi ezgu harakatlardan rozilik hissini yanada oshiradi, — dedi loyiha ijrosiga kirishish marosimida soʻz olgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov.

Maʼlumot uchun, turarjoy kompleksi va ijtimoiy soha obyektlari qurishga ixtisoslashgan loyiha uchun 9 gektar yer maydoni ajratilgan boʻlib, bunyodkorlik yumushlari ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 3,5 gektar maydonda 9 qavatli 22 ta zamonaviy turarjoy binolari kompleksi, 400 oʻrinli umumtaʼlim maktabi, 300 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi va 20 ta umumiy savdo shoxobchalari, sport inshootlarini ishga tushirish koʻzda tutilgan. Yakunlovchi bosqichda esa 200 dan ziyod ikki sotixli namunali uylar va qoʻshimcha sport inshootlari barpo etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?