Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga qoʻshimcha vazifalar yuklatildi. Agentlik tarkibida yangi boshqarma tuziladi

00:11 17 Iyun 2021 Jamiyat
565 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga koʻra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatildi:

davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, shu jumladan, ularning normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan maʼlumotlarni Internet tarmogʻiga joylashtirish (eʼlon qilish) boʻyicha majburiyatlari hisobini yuritish;

davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan ommaviy axborot vositalari orqali samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish boʻyicha choralarning ishlab chiqilishi va joriy etilishiga koʻmaklashish;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlaridan kelib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni “Mening fikrim” veb-portali orqali umumxalq muhokamasiga chiqarish;

Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxatini uzluksiz toʻldirish, takomillashtirib borish va yangilab borish boʻyicha takliflar ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirishga koʻmaklashish;

ommaviy axborot vositalari orqali davlat organlari va tashkilotlari xizmatchilariga “davlat organlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligi” madaniyatini singdirish hamda davlat organlari va mansabdor shaxslar xalq oldida hisobdorligini taʼminlash muhimligi toʻgʻrisida tushuntirish ishlari olib borilishini tashkil etish;

Agentlik tuzilmasida boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash boshqarmasi tashkil etiladi;

Agentlik:

davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida koʻrsatilgan talablarni muntazam ravishda buzayotgan aybdor mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boradi;

har yili faoliyat yoʻnalishi boʻyicha erishgan asosiy yutuqlar hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida uchrayotgan kamchiliklar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot tayyorlasin va oʻz rasmiy veb-sayti orqali eʼlon qilib boradi;

“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonun amalga oshirilishi ustidan nazoratni, shuningdek, Jahon odil sudlov loyihasining “Hukumatning ochiqligi” indikatori boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilashga oid kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?