Koronavirusga qarshi yangi qurilma yaratildi

11:11 27 Oktyabr 2021 Jamiyat
531 0

Amerikalik olimlar koronavirusni nafaqat jismlar yuzasi, balki inson hujayralari ichida ham yoʻq qilishga qodir qurilma yaratdi. Bu haqda “Scientific Reports” jurnali xabariga tayanib, SSV matbuot xizmati maʼlum qildi.

Yangi ixtiro lampa-chiroq shaklida. U oʻzidan koʻk yorugʻlik toʻlqinlari chiqaradi va “COVID-19”ni neytrallashtiradi.

Tadqiqotchilar avvalroq ultrabinafsha nurlari koronavirusga qarshi kurashishda samara berishini qayd etgan edi. Ammo bunday nurlanishning yuqori dozalari DNK buzilishlariga olib kelishi mumkin.

Yangi tadqiqotda esa olimlar maʼlum zichlikdagi koʻk nur toʻlqinlaridan foydalanishdi va uning tegishli diapazonda inson uchun xavfsiz ekanligini aniqlashdi.

Tajriba-sinov jarayoni odam bronxlari va traxeyasidan olingan donor hujayralari asosida yasalgan uch oʻlchovli hujayra modellari ustida oʻtkazildi.

Maʼlum boʻlishicha, bunday yorugʻlikning past dozalari ham virusni yoʻq qila oladi va inson hujayralariga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi.

Olimlarning fikricha, yangi ishlanma vaksinalar tanqisligidan aziyat chekayotgan mamlakatlar va mintaqalarda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash vositasi sifatida qoʻllanilishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?