“Koʻrinmas dushman”ning ayon hujumlari

Bugungi kunda yer yuzidagi eng global muammolardan biri — atrof-muhitning ifloslanishidir. Xoʻsh, bu muammo nega bunchalik dolzarb hisoblanadi?
Hech kimga sir emaski, soʻngi yuz yil ichida ekologik muhitga insoniyat tarafidan koʻp ozor yetkazildi. Ularni birma-bir sanaymiz desak odamning koʻngli xira tortadi. Zavod va sanoat korxonalaridan chiqayotgan chiqindilar, zaharli tutunlar, transport vositalaridan atrofga taralayotgan zararli gazlar, xazonlarning ommaviy tarzda yoqilishi, turli suv havzalari, arigʻu zovurlar, kanallarga uloqtirilayotgan axlatlar shular jumlasidan. Ha, ular ekologik muvozanatni izdan chiqarib yubormoqda, shuningdek, inson sogʻligiga ham katta xavf tugʻdirmoqda.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, bugungi kunda havo sifati pasayishida transport vositasi, sanoat obyektlari, elektr va issiqlik tarmoqlaridan chiqayotgan zaharli moddalarning ulushi anchani tashkil etadi. Faktlarga tayansak, yer yuzidagi barcha avtomobillar bir sutkada 500 ming tonna benzin tutunini havoga chiqaradi. Achinarlisi, mamlakatimiz ham bu muammodan chetda emas. Ayniqsa, suv va havoning ifloslanishi bugun jiddiy ekologik muammoga aylangan. Xususan, sanoat markazlariga aylangan hududlarimiz bunda yetakchilik qiladi va ularda havoning ifloslanish darajasi kundan kunga oshib bormoqda.
Oddiy bir misol, koʻp qavatli uylarning hovlisida koʻp uchraydigan holatlardan biri — yengil avtomashinalar egalari uning motorini qizdirish uchun ishga tushirib, oʻzlari ulovi ichida yoki uyda kutishadi. Bu vaqtda esa motordan chiqayotgan zaharli gazlar atrofdagi havoni ifloslantiradi, albatta. Ayni ertalab, yaʼni bolalar maktabga ketayotgan, odamlar ishga shoshayotgan shunday vaqtda ulardan chiqayotgan tutunlar insonlarning toʻgʻridan-toʻgʻri nafas yoʻllariga kirib boradi va jiddiy zarar yetkazishi ham hech gap emas.
Bilamizki, soʻnggi yillarda Orolboʻyi mintaqasidagi ekologik inqiroz butun dunyo ekologlari eʼtibor markazida boʻlib turibdi. Bu bejiz emas. Orol dengizning qurishi bilan yuzaga kelgan chang va tuzli boʻronlar havoni nafaqat mahalliy, balki butun mintaqa boʻylab ifloslantirib, turli kasalliklarga sabab boʻlayotgani buning asosiy omillaridandir. Natijada odamlarda yurak-qon tomir, saraton, nafas yoʻllari bilan bogʻliq kasalliklar paydo boʻlmoqda. Shuningdek, bu holat hayvonot dunyosiga ham jiddiy xavf solmoqda.
Tabiatni asrab-avaylash va uni kelajak avlodga bus-butun yetkazish — har birimizning asosiy burchimizdir. Bunga esa har kim qoʻlidan keladigan ish bilan hissa qoʻshsa, nur ustiga nur boʻladi. Masalan, havoni imkoni boricha tozalash va kislorod bilan toʻyintirish uchun daraxtlar ekish eng maqbul yoʻllardan biridir. Shuningdek, zavodlar, uyimiz moʻrilaridan chiqayotgan zaharli gazlar uchun maxsus filtrlarni oʻrnatish, tozalash inshootlarini qurish, maishiy va sanoat chiqindilarni toifalarga ajratish hamda qayta ishlashni takomillashtirish, dizel va benzin yoqilgʻisida ishlovchi avtomobillar oʻrniga elektr energiyasida harakatlanadigan ekologik toza transport turlariga oʻtish samarali usullardir.
Ona sayyoramizni asrab-avaylash orqali biz nafaqat oʻz salomatligimizni muhofaza qilamiz, balki kelgusi avlodlarga ham munosib tabiatni meros qoldira olamiz. Buning uchun esa odamda asosiysi “Bitta men qilganim bilan nima oʻzgaradi?” degan fikr paydo boʻlmasligi darkor. Axir katta manzillarga ham kichik qadamlar bilan yetib boriladi.
Toʻmaris SAGINDIKOVA,
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti jurnalistika va oʻzbek filologiyasi fakulteti talabasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Kadastr pasportlarini berish muddatlari oʻzgartirildi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- “Gʻalaba bogʻi”da mudofaa innovatsion texnologiyalari festivali oʻtkazildi—Fotoreportaj
- Prezident Makkada boʻlib turgan muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonlashdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring