Koʻproq yongʻoq isteʼmol qiling

17:31 19 Mart 2025 Jamiyat
165 0

Samarqand davlat universiteti ginetika va biotexnologiya kafedrasi oʻqituvchisi Guljaxon Eshbekova yongʻoq oʻsimligining biologik xususiyatlari boʻyicha tadqiqot olib bormoqda.

Guljahonning ilmiy rahbari — SamDU professori Zafar Ismoilov.

Guljahon Eshbekova 40 ga yaqin ilmiy maqolalar muallifi boʻlib, uning ishlari xalqaro jurnallar va konferensiya toʻplamlarida chop etilgan. Scopus va Web of Science bazalarida ham bir qancha maqolalari eʼlon qilingan. U chet tilini bilish boʻyicha xalqaro IELTS 7.0 sertifikatiga ega. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining yosh olimlarni xorijga stajirovkaga yuborish granti gʻolibi sifatida Janubiy Koreyaning Chonnam Milliy universitetida ikki marotaba stajirovka oʻtashga muvaffaq boʻlgan.

Hozirda Guljahon Eshbekova Samarqand davlat universiteti Biokimyo instituti qoshidagi Molekulyar biotexnologiya va zamonaviy botanik tadqiqotlar laboratoriyasiga rahbarlik qilmoqda.

Yaqinda PhD dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Shuningdek, u Scopus bazasiga kiruvchi nufuzli “Plant Science Today” jurnalida ekspert sifatida ham faoliyat yuritmoqda.

— Yongʻoq qimmatli mevali daraxt hisoblanib, fan tilida grek yongʻoqi deb ataladi. Yongʻoqdan koʻp sohalarda keng foydalaniladi, — deydi Guljahon Eshbekova. — Yongʻoq barglari oʻzidan fitonsidlar ajratib turadi. Yongʻoq bargi tarkibida koʻp miqdorda C vitamini, A provitamini, B1, P vitaminlari, boʻyoqbop va oshlovchi moddalar, karotin, inozit, inulin, efir moylari, mineral tuzlar mavjudligi oʻrganilgan. Yongʻoq guli asalarilar asal toʻplashi uchun yaxshi manba hisoblanadi. Mevasining poʻsti ancha qalin boʻlib, unda oshlovchi, boʻyoq moddalari, yuglandin alkoloidi, naftaxinon, sitron, hamda olma kislotalari, shakar, kalsiy-fosfat va oksalat kalsiylar mavjud. Yongʻoq mevalari gʻoʻrlik davrida C vitamin miqdori jihatidan, limon, apelsin, mandarin, qoragʻat, naʼmatak singari oʻsimliklardan 4-5-marta ustunligi aniqlangan. Yongʻoq mevasining magʻzi tarkibida 65-70 foiz moy, 17-19 foiz oqsil, 16 foiz shakar, suv, B1, A, B2, C vitaminlari, bir qator kislota va inson organizmida yengil hazm boʻladigan mineral tuzlar mavjud. Yongʻoq magʻzi oʻzining yuqori kaloriyali tarkibi bilan ajralib turadi. U bugʻdoy nonidan uch baravar, kartoshkadan yetti baravar, sutdan oʻn bir baravar va nokdan hatto oʻn besh baravar koʻproq toʻyimlidir. Bir kilogramm yongʻoqning ozuqaviy qiymati jihatidan 1 kg goʻsht, 1 kg baliq, 1 kg kartoshka, 1 litr sut va 1 kg nokning umumiy toʻyimliligiga teng keladi. Bu esa yongʻoqni nafaqat mazali, balki juda foydali mahsulotga aylantiradi. Bir kg magʻizda 550-650 gr moy, 210 gr oqsil, 4,5 gr fosfor, 1 gr kalsiy, 23,75 mg temir borligi aniqlangan Yongʻoq magʻizi qandolat sanoatida har xil shirinliklar tayyorlashda foydalaniladi. Uning magʻizining kunjarasi uy hayvonlari uchun toʻyimli ozuqa hisoblanadi. Daraxtining yogʻochi mebelsozlik sanoatida qimmatli va oʻziga xos xom ashyo hisoblanadi. Ayniqsa, daraxt tanasida paydo boʻladigan buqoqlardan yasalgan mebellar qimmat baholanadi. Mevasi poʻstidan bosmaxona boʻyoqlari, kimyoviy tushlar, laklar, aynimaydigan moyli boʻyoqlar tayyorlashda foydalaniladi. Yongʻoqni muntazam isteʼmol qilish yurak tomirlarining ogʻir kasalliklari va miokard infarkti xavfini kamaytiradi. Epidemiologik tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, haftasiga kamida besh marta yongʻoq isteʼmol qiladigan insonlarda yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanish xavfi yongʻoq isteʼmol qilmaydiganlarga nisbatan 50% ga kam boʻladi. Yongʻoqning potensial antigipertenziv taʼsiri 130 ta yuqori qon bosimli bemorlarda klinik jihatdan oʻrganilgan. Natija shuni koʻrsatganki, qisqa muddat davomida yongʻoq isteʼmol qilish, yuqori qon bosimi, yuqori xolesterin va qon zardobi elektrolitlarini normallashtirgan. Yongʻoqning yana bir muhim ahamiyatli jihati shundan iboratki, xotirani mustahkamlaydi, oʻrganish va bilish qobiliyatini yaxshilaydi. Yongʻoq isteʼmoli qarish jarayonida miya sogʻligʻini saqlashga yordam beradi. Uning tarkibidagi polifenollar miya hujayralarini himoya qilib, oksidlovchi va yalligʻlanish jarayonlarini kamaytiradi.

Xulosa qilib aytganda, yongʻoq nafaqat mazali va toʻyimli mahsulot, balki sogʻliq uchun ham juda foydali neʼmatdir. Uning tarkibidagi boy vitamin va minerallar yurak-qon tomir tizimi, miya faoliyati va umumiy salomatlikni qoʻllab-quvvatlaydi. Shu sababli, yongʻoqni muntazam isteʼmol qilish nafaqat sogʻliqni mustahkamlash, balki umrni uzaytirishga ham xizmat qiladi.

Behruz Shamsiddinov,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?