Koʻp qavatli turar joyda yashashning oʻz talablari bor

13:41 15 Iyun 2022 Jamiyat
455 0

Foto: Xalq so‘zi

Koʻp qavatli uyda yashashning oʻziga yarasha masʼuliyati, talablari bor. Yon-atrofdagilar xohish-istagi bilan hisoblashish, bir necha xonadonni jamlagan turar joy bir emas, bir necha oilalar manfaatiga birdek xizmat qilishini unutmaslik joiz. Baʼzan oʻzbilarmonlik bilan binoga qoʻshimcha qurilmalarni qurish boshqalarning turmush sharoitida noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin. Bunday holatlarning oldini olish va unga qarshi choralar koʻrish qonun bilan mustahkamlab qoʻyilgan.

Jumladan, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi Andijon viloyat hududiy inspeksiyasi tomonidan joriy yilning shu davriga qadar Andijon, Xonobod shaharlari hamda Andijon, Asaka, Jalaquduq, Shaxrixon, Qoʻrgʻontepa tumanlaridagi koʻp xonadonli uylar va unga tutash hududlarda oʻrganish ishlari olib borildi.

— Natijada 147 ta holatda qonunbuzilish aniqlandi,—deydi hududiy inspeksiya boshligʻi Azizbek Ismoilov. — Oʻrganish ishlari shuni koʻrsatmoqdaki, koʻp qavatli uylarda aksariyat aholi noqonuniy qurilmalar qurish orqali turar joydan foydalanish tartiblariga amal qilmaganlar. Shuningdek, uyning ichki tizimlarini oʻzgartirish, yertoʻladan, muhandislik-kommunikatsiya tizimlaridan notoʻgʻri foydalanish holatlari ham koʻp uchramoqda. Yuzaga kelgan salbiy oqibatlarni 15 kun muddat ichida bartaraf etish yuzasidan koʻrsatmalar berilgan boʻlishiga qaramay, unga amal qilmagan 71 nafar shaxsga nisbatan 29,6 mln. soʻm maʼmuriy jarimalarni qoʻllashga toʻgʻri keldi.

Oʻrganishlar davomida, shuningdek, shirkatlar uyushmalari faoliyati ham eʼtibordan chetda qolmadi. Natijada 9 ta qoloq xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarida 286 million soʻmlik qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilgani maʼlum boʻldi. Buning taʼsiri oʻlaroq 231 ta koʻp qavatli uy-joylar yangi tashkil etilgan Boshqaruv servis kompaniyalariga biriktirildi.

Yuqorida aytganimizdek, koʻp qavatli turar joylar ularda yashovchi barchaga birdek qulay boʻlmogʻi shart. Bu talabni buzish bilan bogʻliq salbiy oqibatlar yuzaga kelmasligi uchun nazorat ishlari davom etmoqda.

 

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер