Konstitutsiya — inson huquqlari ustuvorligi

05:24 31 Mart 2023 Jamiyat
759 0

2023-yilning 30-mart kuni Samarqand shahrida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori hamda Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda “Konstitutsiya inson huquqlari ustuvorligi” mavzusidagi xalqaro davra suhbati oʻtkazildi.

Mazkur tadbirni oʻtkazishdan maqsad inson huquq va erkinliklarini taʼminlash – davlatning oliy maqsadi ekanligi nuqtayi nazaridan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida” gi Konstitutsiyaviy qonunning mazmun-mohiyati, uning Vatanimiz taraqqiyoti, jamiyatimiz rivojidagi ahamiyati va unga kiritilgan yangi normalar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilishdan iborat.

Xalqaro davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Bola huquqlari boʻyicha vakil, Oliy sud, Konstitutsiyaviy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Adliya vazirligi, Samarqand viloyati hokimiyati, Advokatlar palatasi, Toshkent Davlat yuridik universiteti, “Madad” bepul yuridik yordam koʻrsatish boʻyicha NNT vakillari, taʼlim muassasalari olimlari, ekspertlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, huquq himoyachilari va OAV ishtirok etishdi.

Maʼlumki, Konstitutsiya oʻzida insonning xalqaro umumeʼtirof etilgan asosiy huquq va majburiyatlarini oʻzida jamlagan va oliy yuridik maqomga ega hujjatdir. Shunday ekan, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar barchamiz uchun oʻta muhim va ahamiyatlidir.

Yangi Konstitutsiyaini tayyorlashda umumxalq muhokamasi orqali 220 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan va ularning aksariyati eʼtiborga olinishi bilan birga, xalqaro-huquqiy hujjatlar va 190 dan ortiq davlatlar tajribasi oʻrganilgan, u 6 turdagi ekspertizadan oʻtkazilgan.

Tadbirda qayd etilishicha, Yangilanayotgan Konstitutsiya “inson-jamiyat-davlat” paradigmasiga asoslangan va unda barcha toifalarning – yoshlar, ayollar, nogironligi boʻlgan shaxslar, oʻqituvchilar, xatto jinoyat sodir etgan shaxslarning huquq va manfaatlari aks etgan. Ahamiyatlisi inson huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi, deya eʼlon qilinar ekan, unda inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ortiqqa oshmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) ishtirokchilar eʼtiborini Bosh qomusimizning 28 moddasiga qaratdi. Unda agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi qatʼiy belgilanmoqda. Qiynoq va uning barcha shakllariga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish yoʻlini tanlagan Oʻzbekiston uchun bu juda muhim qadam –dedi Ombudsman.

Shuningdek, Yangi Konstitutsiyamizning 98 moddasi bevosita Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ga taaʼluqli boʻlib, unda Ombudsman instituti qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga xaqli ekani belgilab qoʻyilayotgani taʼkidlandi.

Tadbirda Yangi Konstitutsiyadan oʻrin olgan inson va bola huquqlari, ijtimoiy davlat, odil sudlov, advokatlar faoliyati, ekologik masalalar, fuqarolik jamiyatlari bilan ishlash kabi qator masalalar boʻyicha maʼruzalar tinglandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер