Kompyuter qarshisida koʻp oʻtirish “displey sindromi”ga sabab boʻladi.

Kasb taqozosi tufayli koʻpchilik uzoq vaqt kompyuter oldida oʻtiradi. Har kuni takrorlanadigan bunday holatdan keyin bora-bora koʻzlarda qizarish, ogʻriq paydo boʻlishi bor gap. Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati direktorining oʻrinbosari Nurmat Atabekov bu boradagi tavsiyalarini SSV Matbuot xizmati bilan oʻrtoqlashdi.
— Kompyuter nurini “kesuvchi” maxsus linza va koʻzoynaklar toʻliq himoyani taʼminlamaydi. Ular qisman yordam beradi, xolos. Kompyuterda ishlash paytida koʻzlar toliqmasligi uchun maxsus mashqlar bajarilishi kerak. Mashq quyidagicha amalga oshiriladi:
3-5 soniya davomida koʻzlar yumib, ochiladi.
Koʻz qorachigʻi oʻng, chap, yuqori va pastga qarab harakatlantiriladi.
Nigohlar qurilma monitoridan “uzilgan” holatda boshqa tarafga qaritiladi.
Koʻzlarda achishish sezilgani hamon uni yumib, 3-4 daqiqa dam berish kerak.
Kompyuterdan koʻp foydalanganda koʻzda ogʻriq, qizarish, achishish, yoshlanish, peshona sohasida ogʻriq, tez charchash, holsizlik kuzatilishi “displey sindromi” deyiladi.
Kompyuter koʻz nurini “oʻgʻirlamasligi” uchun:
Monitor bilan koʻz oraligʻidagi masofa 45 santimetrdan kam boʻlmasligi kerak.
Tashqaridan kelayotgan yorugʻlik nuri monitor ekraniga tushib turmasligi lozim.
Ekran yuzasini tez-tez artib turish maqsadga muvofiq. Nega deganda, u oʻzida chang zarralarini yigʻa oladi.
Boʻlajak onalar eski rusumdagi kompyuter boʻladimi yoki “notebook”mi – uzoq vaqt foydalanishdan saqlanishlari kerak. Homiladorlikning birinchi uch oyligida kompyuterlardan kamroq foydalangan maʼqul. Bordiyu, ish zarurati tufayli majbur boʻlinsa, albatta, har soatda tanaffus qilish kerak.
Kompyuterda uzoq vaqt ishlash tana qismlarining bir xil holatda qotib qolishiga olib keladi. Natijada, nafas olishning qiyinlashishi, yelka, boʻyin mushaklari va bosh ogʻrigʻi, osteoxondroz hamda qoʻl kafti boʻgʻimlariga salbiy taʼsiri kabi holatlarning oldini olish uchun, avvalo, qulay stul va stol tanlanishiga ahamiyat berish lozim.
Gavdani tik tutish qiyin kechsa, maxsus bolishlardan foydalansa boʻladi. Bunday bolishlar yelkadan xiyol pastroqqa joylanib, gavda tekis boʻlishiga yordam beradi. Mushaklar “siqilishi”ni bartaraf etishda jismoniy mashqlar (ishda oʻrindan turib, xona boʻylab yurish mumkin yoki zinadan tushib, chiqish) tavsiya etiladi.
Qoʻllar uchun mashq:
Qoʻllarni 10-15 marotaba silkiting.
Barmoqlarni musht tugib, boʻshating (10-15-marta).
Qoʻllarni musht tukkan holatda aylantiring (8-10-marta).
Bir qoʻl bilan ikkinchi qoʻl barmoqlarini uqalang.
Shuningdek, kompyuter qarshisida oʻtirganingizda ushbu yetti muhim qoidaga amal qiling:
1. Doim boshni tik tutib oʻtiring.
2. Gavda rostlangan boʻlishi kerak.
3. Ish jarayonida koʻzlarni toʻgʻriga qarating.
4. Monitorga qaralganida koʻzlar pastga emas, balki qurilma balandligiga mos holatda boʻlishi kerak.
5. Kaftlar va bilaklarni erkin holatda ushlang.
6. Oyoq tagiga kichikroq taxtacha qoʻyish mumkin.
7. Vaqti-vaqti bilan qoʻllarni yuqoriga koʻtarib birlashtiring va gavdani oʻng, chap tarafga harakatlantiring.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring