Koʻhna Qoʻrgʻon turizm mahallasiga aylandi

14:07 11 Dekabr 2024 Jamiyat
174 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Bundan ikki yil muqaddam Gʻijduvon tumanidagi “Qoʻrgʻon” mahalla fuqarolar yigʻini raisi vazifasida ish boshlagan, asl kasbi muallima Oynisa Sharipovani bu goʻshaning boy tarixi qiziqtirib qoʻydi.

Maʼlum boʻlishicha, tuman markazida qadimiy Qoʻrgʻon, yaʼni shahriston mavjud boʻlgan. Unga miloddan avvalgi asrlarda turkiy qabilalardan sanalgan oʻgʻuzlar asos solgan. “Qoʻrgʻon” yopiq meʼmoriy majmua boʻlib, u tashqaridan yaʼni, tashqi olamdan yaxlit devor bilan oʻralganligi bilan ajralib turgan.

“Buyuk ipak yoʻli” yoqasida joylashgani bois bu maskan X asrda Samarqand, Buxoro, Shahrisabz kabi yirik shaharlar qatorida tilga olingan. Hozirgi kunga qadar saqlanib qolgan qalʼa devori qoldiqlari hamda tepalik ham uning boy tarixga egaligidan dalolat beradi. Qolaversa, mahalla hududida XIV asrda barpo etilgan toshhammom, XVI asrda qurilgan “Boborahim”, XVII asrda qad rostlagan “Bozori qaymoq”, “Bolo qassobon” masjidlari, ikkita qadimiy quduq, 300 yoshli tut daraxti, oʻnta koʻhna uy bor.

Qoʻrgʻonda hunarmandchilik va savdogarlik ajdodlardan meros sanaladi. Aynan, shu jihat ham Oynisani befarq qoldirmadi.

— Sinchiklab kuzatsam, mahallamiz odamlari kechayu kunduz mehnat qilisharkan, — deydi u. — Gap shundaki, 512 ta xonadonning 317 tasi u yoki bu hunar etagidan tutgan. Gʻijduvonning mashhur bozoriga shirmoy non, patir, holva, parvarda, turli pishiriqlarning eng sarasini ular yetkazib beradi. Kabobpazlik, temirchilik, kulolchilik, quroqchilik, beshiksozlik bilan shugʻullanadigan sulolalar bor. Biror bir bekorchi kishini uchratmaysiz. Boshqa joydan bu yerga kelin boʻlib tushganman. Shu boisdanmi, mahalladoshlarimga havasim keladi.

2022-yilda mahalla “qizil” hududda edi. Hozir u jinoyatchilikdan va ishsizlikdan xoli hududga aylangan. Bu mahalla faollarining oilalar bilan hamkorlikda ishlashi, jamoatchilik nazoratining oqilona yoʻlga qoʻyilgani natijasi, albatta. Qolaversa, hozir mahalla koʻchalarida 52 ta kuzatuv kamerasini koʻrish mumkin. Yaqin orada yana shunday 44 ta moslama oʻrnatilishi kutilmoqda.

Qaysi bir mahallada migrantlar masalasi yoʻq, deysiz. “Qoʻrgʻon”da bu muammoning yechimini topishmoqda. Chunonchi, mahallada gastronomik koʻcha tashkil etildi. 14 ta xonadon milliy taomlar tayyorlashga ixtisoslashdi. Oilasidan olisda, sovuq oʻlkalarda ishlab yurgan uch nafar migrantga ortga qaytish taklifi berildi. Ular hozir mahallada foydali ijtimoiy mehnat bilan band. Baxtiyor Burhonov ana shularning biri. Unga mahalla koʻmagida bankdan 33 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Baxtiyor bu mablagʻ evaziga oʻz biznesini yoʻlga qoʻydi, aniqrogʻi, gastronomik koʻchada oshxona ochdi. Holvapazlar sulolasining oltinchi avlodi sanalgan Odil Sadilov esa faoliyatini kengaytirib, imtiyozli kredit evaziga uy–mehmonxona faoliyatini yoʻlga qoʻydi.

Bu orada hokimlik va tegishli tashkilotlarning qoʻllab-quvvatlashi ortidan koʻhna masjidlar va choyxonani restavratsiya qilish ishlari amalga oshirildi. Qadimiy Permas arigʻi yon-atrofi obodonlashtirildi. Yoshlar saylgohi barpo etildi. Yaqin oʻtmishning taniqli hunarmandi Ibodulla Narzullayev yashagan hovli uy–muzeyga aylantirildi. Hududda yana bir muzey barpo etish tadorigi koʻrilmoqda. .”Qoʻrgʻon”ning islom olamida maʼlum va mashhur Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy qadamjosi shundoq yon tomonida joylashgani ham uni bu meʼmoriy yodgorlik bilan uygʻun tarzdagi turizm mahallasiga aylantirishda qoʻl keldi.

Aytmoqchi, yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof–muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi tomonidan “Qoʻrgʻon”ga “turizm mahallasi” maqomi berilgani haqidagi sertifikat topshirildi. Bu hududda sayyohlar oqimining koʻpayishiga, milliy hunarmandchiligimiz ravnaqiga, asriy anʼana va qadriyatlarimizning asrab–avaylanishi va kelgusi avlodga yetkazilishiga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер