Koʻhna Ark qoʻrgʻonida arxeologik park ochildi
Qadimiy Buxoroni Poykent, Varaxsha, Varzonze kabi koʻhna kentlar, jumladan, Ark qoʻrgʻonisiz tasavvur etish mushkul. Tarixiy asarlar mualliflari, chunonchi, Muhammad Narshaxiy tomonidan “Buxoro hisori” deya atalgan bu goʻsha turkiy xalqlar davlatchiligi asoschisi Alp Er Toʻnga yoki Afrosiyob nomi bilan bogʻlangan. Manbalarda uni Siyovush barpo etgani aytiladi.
Meʼmoriy durdona deya atashga loyiq ushbu qoʻrgʻon ne-ne fotihlarni koʻrmadi, ne-ne koʻrgiliklarni boshidan kechirmadi, deysiz. Uzoqqa bormay, 1920-yilni eslaylik. Oʻshanda Mixail Frunze boshchiligidagi shoʻro qoʻshinlari amirlik tuzumini agʻdarish maqsadida qadimiy shaharni toʻplardan oʻqqa tutishgan, aeroplanlardan bombalar yogʻdirishgan edi. Oqibatda Arkning uchdan ikki qismi butkul vayron qilindi. Qadimiy obidalar tutday toʻkildi. Dunyo dunyo boʻlib, ojiz, himoyasiz goʻshaga shu qadar vahshiylarcha bosqin qilinganini koʻrmagan boʻlsa kerak.
Oradan oz emas, koʻp emas, 103-yil oʻtdi. Arkning vayrona qismi odamlardan ihotalanganicha turdi. Nihoyat, uzoq ayriliqdan soʻng u xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun oʻz bagʻrini ochdi. YUNESKO xayrixohligi ostida bu yerda arxeologik park barpo etildi.
Fransiyaning Luvr muzeyi olimlari hamkorligida amalga oshirilgan mazkur loyihaga koʻra, qadimiy toshlardan yoʻlaklar, ayvonli shiypon barpo etildi. Sayyohlarning xavfsizligini taʼminlash, ularga bu yerdagi qadimiy yodgorliklar qoldiqlarini emin-erkin tanishishlari uchun zarur qator qulayliklar yaratildi. Ark orqa qismining chamasi 120 metrli devor qismi pishiq gʻisht bilan qoplandi.
Buning natijasida arxeologik parkda shahar mehmonlari qalʼaning bizgacha saqlanib qolgan asosini koʻrish, qazishma ishlari bilan tanishish, shu asnoda koʻhna Buxoro manzaralarini kuzatib, hordiq chiqarish imkoniga ega boʻldilar.
Mazkur arxeologik parkning rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Xorijiy sayyohlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, turizm sohasi mutaxassislari, arxeologlar, muzey xodimlari ishtirokida oʻtgan tadbir bayramona tus oldi. Unda soʻz olganlar yurtimizda milliy qadriyatlarimizni asrab – avaylash borasidagi ishlarni alohida eʼtirof etib, ushbu makon xorijiy sayyohlar va mahalliy aholi uchun yangi eksklyuziv turistik maskan sifatida xizmat qilishini taʼkidladilar. Teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari marosim ishtirokchilariga zavqu shavq bagʻishladi.
Istam IBROHIMOV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring