Klasterning kombaynchi qizi

18:46 25 Iyul 2022 Jamiyat
1062 0

Ha, shunday. Dilchehra Ergasheva Paxtakor tumanidagi “Silverleafe” paxta-toʻqimachilik klasterida kombayn operatori boʻlib ishlaydi.

Bu haqda aksariyat yurtdoshlarimiz “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida Yoshlar kuniga bagʻishlangan tantanali tadbir orqali xabar topishdi. Sababi, bir guruh yoshlar qatorida Dilchehra Ergasheva davlatimiz rahbarining qoʻlidan yuksak mukofot — “Kelajak bunyodkori” medalini qabul qilib oldi.

Koʻpchilik Dilchehraning kombayn operatori ekanligini eshitganida hayron qolgani ham bor gap. Odatda qizlar texnikadan uzoq yurishadi-da. Dilchehrada esa buning aksi. Uning bolalagidan texnikalarga qiziqishi baland.

— Kichkinaligimdan katta texnikalarni boshqarishni orzu qilardim, — deydi u. — Oʻylab koʻrsam, bu menga otamdan oʻtgan boʻlsa kerak. Chunki ular texnika tilini juda yaxshi tushunadi, mexanizator. Texnika bilan til topishib ketishim qonimda bor, desam, adashmagan boʻlaman.

“Silverleafe” paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan xotin-qizlarni ishga qabul qilish boʻyicha berilgan eʼlon Dilchehraning orzulari sari yoʻlakcha ochdi. Negaki, klaster rahbariyati xotin-qizlar orasidan “John Deere” texnikalari uchun operatorlar izlashayotgan edi. Bu esa Dilchehra uchun ayni muddao boʻldi.

— Klasterga borib texnikalarni koʻrgach, qiziqishim yana ortdi. Lekin ichki hadik ham yoʻq emasdi: bunday ulkan texnikani haydash qiyin emasmikan? Yoʻq, juda oson ekan. Nazariy va amaliy mashgʻulotlar davomida “John Deere”ni oʻzimga boʻysundirib oldim, — deydi u jilmayib.

Dilchehra Ergasheva yosh va nozik boʻlishiga qaramay, yuqori unumli va ulkan “John Deere” kombaynini ustamonlik boshqaradi. Uning eslashicha, rulga ilk bor 2020-yilda mustaqil ravishda oʻtirgan. Oʻshanda lazerli uskunalar yordamida ekin yerlarini tekislagan. Soʻng paxta terish mashinasi, keyin esa kombaynni boshqargan. Masalan, bu yilgi gʻalla oʻrim-yigʻim mavsumida sherigi bilan birga, jami 541 gektar yerdagi gʻalla hosilini yigʻishtirib oldi.

— Koʻpchilik qiz bola uchun texnikani boshqarish qiyin emasmi, deb soʻrashadi. Toʻgʻrisni aytaman, shu paytgacha ogʻirlikni sezmaganman. Aksincha, “John Deere”ni boshqarish juda qulay. Bu texnikalar oʻta zamonaviy va shinam. Haydovchi uchun yaratilgan sharoit yengil mashinalardagidan aslo qolishmaydi. Masalan, hozir gʻalladan boʻshagan maydonlarni tekislayapmiz. Keyin paxta teramiz. Mavsumiy ishlarga qarab texnikamizning agregati oʻzgaradi, xolos. Aytaylik, paxta terimi tugaganidan soʻng unga biz, operatorlar tili bilan aytganda, “kapalaak” moslamasini taqamiz. Uning yordamida gʻoʻza poyalari oʻriladi-da, maydalanib, tuproqqa aralashtirib ketiladi. Bu yer uchun bebaho oʻgʻit hisoblanadi.

Ayni paytda Dilchehra Ergasheva oliy oʻquv yurtining isteʼdodli talabasi hamdir. U Jizzax davlat pedagogika universitetida tahsil olyapti. Ish oʻqishga halal bermasmikan?

— Ishim oʻqishimga halal bermaydi, klaster rahbariyati oʻqishga borib kelishim uchun sharoit yaratib bergan. Hozir uchinchi kursni tamomlab, toʻrtinchi kursga oʻtdim. Baʼzida oʻqishlarim koʻpayib ketsa, ishimni kechki smenaga oʻtkazib, zimmamdagi ishimni bajarib qoʻyaman. Umumun olganda, ishim va oʻqishim bir-birini toʻldirib turadi. Ingliz tili va adabiyoti fakultetida oʻqiganim uchun ingliz zabon odamlar bilan muloqotda boʻlib turishim zarur. Klasterda esa bunday mutaxassislar juda koʻp.

Shuning uchun Dilchehra Ergasheva universitet diplomi olgandan soʻng ham operatorlik kasbini tashlash niyati yoʻq. Ikkalasiga birgalik olib ketmoqchi.

— Prezidentimiz yuksak mukofotni topshirguncha, “O, meni qizim”, deb murojaat qilib, “Mukofot muborak boʻlsin!” deya tabriklab, koʻksimga “Kelajak bunyodkori” medalini taqib qoʻydilar, — deydi Dilchehra Ergasheva. — Oʻsha paytda qanday xursandligimni bilsangiz edi... Buni soʻz bilan ifodalab berolmayman. Aytmoqchi boʻlganim, endi davlatimizning biz, yoshlarga boʻlgan ulkan gʻamxoʻrligini, Prezidentimizning katta ishonchini, kamatarona xizmatimga berilgan bu yuksak bahoni, albatta, oqlashim kerak.

Said RAHMONOV, jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?