Klaster — agrar sektorning asosiy oʻsish nuqtasi

20:04 06 Fevral 2021 Klaster
2152 0

Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi faol qoʻllab-quvvatlanadigan davlatlar sirasiga kiradi. Shu bois, bugungi kunda respublikamiz agrar sohasiga davlat tomonidan rivojlangan mamlakatlarga nisbatan koʻproq mablagʻ ajratilmoqda.

Hozirgi murakkab va qaltis davr dunyo miqyosida agrar sohaning hal qiluvchi oʻrni va ahamiyatini yana bir bor yaqqol koʻrsatib bermoqda. Mavjud resurs va imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholini qishloq xoʻjalik mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash, sohada yangi ish oʻrinlari yaratish, manfaatdorlikni yana-da oshirish eng muhim masalaga aylanmoqda.

Mamlakatimizda iqtisodiyotni, jumladan, qishloq xoʻjaligi sohasini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, fermer, klaster hamda kooperatsiyalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash masalasiga har doimgidan ham koʻproq ahamiyat berilayotganining boisi ham shunda.

Binobarin, klaster tizimini joriy etish, zamonaviy issiqxona xoʻjaliklarini yaratish va tomorqa xoʻjaligi amaliyotini kengaytirish nafaqat hosildorlikni, balki qishloqda aholi turmush darajasini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi. Taʼbir joiz boʻlsa, ushbu yangi tuzilma oʻtgan juda qisqa vaqt ichida agrar sohani harakatlantiruvchi yetakchi kuch — drayveriga aylandi.

Xoʻsh, klasterning afzallik tomonlari nimada? U qaysi omillar hisobiga rivojlanyapti? Keyingi yillarda katta eʼtibor qaratilayotgan qishloq xoʻjaligining mazkur yoʻnalishi oʻzini qay darajada oqlayapti?

Klaster bu – urugʻni yerga qadashdan boshlab, undan yuqori va qoʻshimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarish, tayyor mahsulotlarni ichki bozorga va eksportga yoʻnaltirishgacha boʻlgan ishlarni birlashtiruvchi tizim. Bugun dunyoning koʻplab davlatlarida bu tizim qoʻllaniladi.

Shu sababli Prezidentimiz ham 2017-yilning fevral oyida Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida ilk bor klaster islohotini ilgari surib, toʻqimachilik korxonalarimiz oyoqqa turib oldi, bu korxonalar endi paxtachilikda mustahkam manba sifatida ishlab keta oladi, deya taʼkidlagan edi.

Soʻnggi yillarda bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar tufayli klaster usulida mahsulot yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchilar manfaatlarining mushtarakligi taʼminlanyapti. Klaster ishtirokchilari qishloq joylarga sanoatni olib kirish evaziga sohada yigʻilib qolgan muammolarni hal etishda tashabbuskor boʻlyapti. Eng asosiysi, klasterlarda odamlarning bandligi taʼminlanib, ular qishin-yozin mehnat qilyapti, oylik maosh olyapti.

Boshqacha aytganda, bu tizim dehqonlarimiz, agrar soha vakillariga yangicha zamonaviy uslubda ishlashni oʻrgatdi. Hosildorlik, daromadni oshirdi. Tan olishimiz kerakki, har bir insonni, avvalo, manfaat boshqaradi. Har bir inson yaxshi yashashni, farovon turmush kechirishni istaydi. Buning uchun, albatta, oʻzi va yurti manfaati yoʻlida tinmay mehnat qiladi. Klaster bizga mana shu manfaatni koʻrsatdi.

Eʼtibor bering, 2020-yilda 97 ta paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan jami 2 mln 794 ming tonna paxta xom ashyosi yetishtirilgan boʻlib, oʻrtacha hosildorlik 30,1 s/ga ni tashkil etgan. Qolaversa, 78 ta paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan shartnomada belgilangan hosil toʻliq yetishtirilib, shundan 11 tasida yuqori koʻrsatkichlarga erishilgan yoki oʻrtacha 3-8 s/ga qoʻshimcha hosil olingan.

Shu jihatdan, bugun qishloq xoʻjaligida ish yuritishning yangicha shakli — klaster usuli tobora ommalashmoqda. Negaki, bunday mexanizm har qanday sharoitga moslasha oladi, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy muammolarni izchillik bilan samarali yechib beradi. Chunki klaster usuli toʻqimachilik sanoati rivojida muhim ahamiyatga ega va bu usulni hayotga tatbiq etish uchun yurtimizda barcha imkoniyatlar yetarli.

Mubolagʻasiz aytamanki, klaster tushunchasi, bugun hamma uchun boʻlmasada, shu tizimda ishlayotgan fermerlarga yaxshi tanish boʻlib qoldi. Paxta ekishdan to tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonni yagona texnologik tizimga birlashtirgan ishlab chiqarishning yangi majmuasi ilm-fan yutuqlarini, yangi innovatsion texnologiyalarni amaliyotga jadal joriy etishga ham keng yoʻl ochib berdi.

Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston sharoitida klasterlarni rivojlantirish eng oqilona qarordir. Boisi qishloq xoʻjaligi uchun noqulay kelgan yillarda ham klasterning boshqa tashkilotlari hisobidan umumiy ish oʻrni va ish haqi saqlab qolinadi. Asosiysi, klasterlar hududlarning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlashda katta rol oʻynab, ushbu yondashuv iqtisodiy jihatdan ustuvor tarmoqlar va loyihalarni aniqlash imkonini beradi.

Xulosa oʻrnida aytganda, bozor tamoyillariga oʻtishda klaster tizimi muhim omildir. Sababi klaster tizimi – bu manfaatdorlik, sohaga ilm-fan va innovatsiyaning kirib kelishi demakdir. Zotan, klaster elga manfaat keltiradi, odamlarni ish bilan, daromad bilan taʼminlaydi. Aslida bugungi islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad ham shu emasmi!?

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер