Kitobxonlik – milliy yuksalishning strategik asosi
Insoniyat tamadduni tarixiga nazar tashlasak, har qanday buyuk davlat va qudratli millatning yuksalishi bevosita ilm-fan hamda mutolaa madaniyati bilan bogʻliqligini koʻramiz. Bugungi shiddatli globallashuv va axborot xurujlari asrida millatning maʼnaviy immunitetini saqlash, uni intellektual jihatdan raqobatbardosh qilishning yagona va muqobilsiz yoʻli – kitobxonlikdir. Kitob shunchaki axborot manbai emas, u qalbni poklovchi, tafakkurni kengaytiruvchi va insonni oʻzligini anglashga yetaklovchi maʼnaviy mayoqdir. Shu bois, bugun yurtimizda kitobxonlikni targʻib qilish masalasi shunchaki maʼrifiy tadbir emas, balki milliy xavfsizlik va strategik rivojlanishning ajralmas qismiga aylandi.
Milliy adabiyotimizning zabardast vakili Oybek “Navoiy” romanida hazrat Alisher Navoiyning davlat boshqaruvidagi ilk va eng muhim qadami sifatida ulkan kutubxona barpo etishni rejalashtirganini bejiz tasvirlamagan. Navoiy nazarida, ilm ahli – xattotlar, shoirlar va olimlar jam boʻlmagan yurtda adolat va taraqqiyot barqaror boʻla olmaydi. Bu anʼana bugun yangicha mazmun bilan davom etmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev oʻz prezidentlik faoliyatining dastlabki yillaridanoq millat maʼnaviyatini yuksaltirishni ustuvor vazifa etib belgiladi. 2017-yil 12-yanvardagi tarixiy farmoyish hamda 2020-yil 14-dekabrdagi milliy dasturning qabul qilinishi Oʻzbekistonda “Kitobxon millat” gʻoyasini yangi bosqichga olib chiqdi.
Zamonaviy jamiyatning eng ogʻriqli nuqtalaridan biri yoshlarning virtual olamga, yuzaki va vaqtinchalik qiziqishlarga asir boʻlib qolayotganidir. Kitobdan uzoqlashish insonni moddiyatga ruju qoʻyishga, maʼnaviy qashshoqlikka va pirovardida jaholatga yetaklaydi. Bugungi kunda jamiyatimizda uchrayotgan koʻplab ijtimoiy illatlar – jinoyatchilik, firibgarlik va loqaydlikning tub ildizi mutolaasizlikka borib taqaladi. Zero, kitob oʻqigan insonning qalbi mehr-oqibat, andisha va yuksak odob bilan nurlangan boʻladi. Tariximizda “Oʻtkan kunlar” kabi durdona asarlar taqiqlangan suronli yillarda ham xalqimiz ularni yod olib, qalbida saqlagani bizning naqadar kitobsevar millat ekanimizdan dalolatdir.
Hukumatimiz tomonidan ilgari surilgan “5 muhim tashabbus” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, “Yosh kitobxon” va “Yosh kitobxon oila” tanlovlarining yoʻlga qoʻyilishi jamiyatda oʻziga xos maʼnaviy inqilob yasadi. Gʻoliblarga topshirilayotgan avtomobillar va boshqa yuksak mukofotlar yoshlar oʻrtasida kitobga boʻlgan qiziqishni moddiy va maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirmoqda. Bu saʼy-harakatlar 2020-2025-yillarga moʻljallangan milliy dastur bilan hamohang ravishda jahon adabiyotini tarjima qilish, nashriyotlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va hududlarda zamonaviy axborot-kutubxona markazlarini tashkil etishni koʻzda tutadi.
Bobokalonlarimiz kitobni dunyodagi eng oliy meros deb bilishgan. Odil Yoqubovning “Ulugʻbek xazinasi” asarida buyuk astronom Mirzo Ulugʻbek oʻzining beqiyos saltanatidan oltin-u kumushni emas, balki hayotining mazmuni boʻlgan ilmiy qoʻlyozmalarni – oʻz xazinasini Ali Qushchiga omonat qoldirgani tasvirlangan. Bu haqiqiy maʼnaviy vasiyatdir. Shuningdek, Abu Ali ibn Sinoning davolash evaziga saroy kutubxonasidan foydalanishni soʻrashi yoki Aleksandr Pushkinning vafot etar chogʻida kitoblari bilan xayrlashishi insoniyat tamaddunida kitobning oʻrni beqiyosligini koʻrsatadi.
Xulosa qilib aytganda, kitobxonlik bu shunchaki oʻtmishga ehtirom emas, balki porloq kelajak uchun qoʻyilgan eng mustahkam sarmoyadir. Agar biz millat sifatida dunyo sahnasida munosib oʻrin egallashni, farzandlarimizni komil inson qilib tarbiyalashni istasak, har bir xonadonda kitob javonini muqaddas maskanga aylantirishimiz lozim. Zero, kitob oʻqigan millat hech qachon zavol topmaydi, uning maʼnaviy qudrati har qanday moddiy boylikdan ustun boʻlib qolaveradi.
Nigora Toʻxtaqulova,
Samarqand davlat universiteti
Folklorshunoslik va dialektologiya yoʻnalishi magistri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- Oʻzbekistonda ilmiy laboratoriyalarning sunʼiy intellektga asoslangan yagona ilmiy platformasi ishga tushiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring