Kishi topsa hamdardini nogahon...

11:22 10 Fevral 2022 Madaniyat
945 0

Foto: Arxiv surat

Soʻz — inson ruhining joni. Tanida joni boʻlgan inson borki, soʻzga talabgor. Soʻz oʻlik tanni tiriltiradi. Tirikni oʻldira oladi. Alisher Navoiy koinotni soʻz mayi toʻldirilgan xum deb tasvirlaydi. Bu maydan bir qatra ichgan insonning ichiga toʻlqin va joʻshish kiradi. Shoir oʻzini ana shu maydan bahramand boʻlgani xususida ham taʼkidlab oʻtadi.

Ulugʻ shoirning Soʻzi besh asrdan oʻtib, oltinchi asrga qarab ketayotgan vaqt oqimi boʻylab muzaffar va fath bilan suzib bormoqda. Uning kalomi Soʻzga oshufta har qanday qalbni zabt etmoqda. Buning siri nimada? Qay sababga koʻra buyuk mutafakkir olamiga qadam qoʻygan yoxud biroz yaqinlashgan inson bu zotning soʻzlariga asir boʻladi?

Bunga ikki sabab topgandekmiz: birinchisi, Alisher Navoiy soʻzlari tirikdir. U oʻzi his etgan va tuygan dardni qogʻozga tushirdi. Yolgʻon gapirmadi. Ichida yoʻqni bor deya tinglovchini aldamadi. Shuning uchun odamlar Alisher Navoiyni tushunmasa ham, uning sheʼriyati, asarlari qarshisida ixtiyoriy ravishda ehtirom koʻrsatadi. Ikkinchisi, mutafakkir asarlari gʻoyasining umrboqiyligi. Shoir mavjudlikni mangulikda idrok qiladi. Uning eʼtiqodiga koʻra, olam mangulik uzra qurilgan kichik bir sahnadir. Mangulik ham, olam bir Zotga xosdir. Inson olam — dunyo ichida yashaydi va chinakam hayotga qadam qoʻyadi. Bu hayotda u Yaratgan birla yuzma-yuz boʻladi. Yaratganning huzuriga bormoq uchun Odam bolasi turli xato va gunohlardan poklanishi va oʻzining Yaratganga nechogʻli muhtoj ekanligini his etishi, muhabbatini tuyishi va sevishni oʻrganishi, sevishi shart. Tiriklik maqsadi shudir. Qolgan barcha ezguliklar — adolat, sadoqat, karam, ehson, mardlik, rostgoʻylik va boshqa fazilatlar ana shu maqsad ildizidan oʻsib chiqadi.

Alisher Navoiy ikki qatordan iborat boʻlgan fardlaridan tortib, ruboiy, tuyuq, gʻazal va dostonlarigacha — barchasida oʻzi yashagan gʻoyaning turli qismlarini sanʼatkorona ifodalaydi. Natijada hazrat asarlarini ixlos va muhabbat, ishonch va ehtirom bilan qoʻlga olgan har bir kitobxon, oʻquvchi oʻzini qiynagan savollarga javob topadi, topgan javoblaridan qalbida halovat uygʻonadi, mutafakkirning oʻgitlari biz yashayotgan hayot uchun oʻta dolzarb ekanligiga ishonadi.

Buyuk mutafakkir asarlarini toʻkis oʻqitish bilan pok va mustahkam iymon sohibi boʻlgan komil shaxsni tarbiyalash mumkin. Unda insonda topilishi mumkin boʻlgan barcha yaxshi sifatlar, goʻzal xulqlar jam boʻladi.

«Saddi Iskandariy» dostonida Alisher Navoiy Iskandar Zulqarnaynning hayotini hikoya qilgan. Asar faqat voqealar bayonidan iborat emas, balki shoir har bobda roʻy bergan hodisaga doir biror muammoni oʻrtaga qoʻyadi, bu muammoga javob beradi. Bu javob hikmat deb ataladi. Soʻng hikmatni aniq va ravshan yetkazish uchun hikoyat keltiradi.

Alisher Navoiy soʻzi va undagi hikmatlar dolzarbligining namunasi sifatida «Saddi Iskandariy»dan bir hikoyat bilan tanishib chiqish kifoya.

Hayotimizga nazar solsak, insonni yolgʻizlik va qaygʻu ichida koʻramiz. Yolgʻizlik va qaygʻuning davosi esa doʻstlar diydori va suhbatidir. Gʻaraz va kirlikdan xoli boʻlgan diydor gʻamlarning shifosi, umrlar quvonchidir. Lekin bir jumboq tugʻiladi: nima uchun insonlarning barchasi doʻst boʻla olmaydi? Nima uchun odamlar guruh-guruh boʻlib birlashadilar? Ikki insonni oʻzaro yaqinlashtiruvchi omil nima? Bu savollarga javob tarzida Alisher Navoiy shunday hikoyatni keltiradi: bir notavon insonga juda koʻp azob va ranjlar yetdi. Bir kuni unga tuhmat qilishdi va qoʻlini kesishdi. Bu juda katta zulm edi. Lekin sas chiqarmadi. Butun qoʻliga kesilgan qoʻlini olib odamlar ichidan chiqib ketdi. Xaloyiq orasida bir sohibdil inson bor edi, u qoʻli kesilgan mazlumning holatidan hayron boʻldi va uning ortidan kuzata boshladi. U mazlumning holati siriga tushunmoq istardi. Tuhmatga qolgan mazlum odamlardan uzoqlashib borardi:

Chu mazlum chiqti ulusdin qiroq

Ki, chiqmoq ulusdin qiroq yaxshiroq.

Uzoqdan bir vayrona koʻrindi. Uning ichida bir necha dardmandlar boʻlib, ularning barchasi xuddi shu mazlum kabi azob tortgan odamlar edi. Ularning oldiga borgach, tuhmatga qolgan bechoraning bagʻriga nayza sanchilgandek boʻldi va kesik qoʻlini otib yuborib faryod urdi, oʻtirganlar orasida ham gʻavgʻo koʻtarildi:

Kesuk ilgini tashlabon chekti voy,

Alar ichra ham tushti koʻp hoy-hoy.

Ular bir-birlarini quchoqlab mojaro qildilar, koʻzlaridan yosh toʻkdilar, dardsiz el ichidan ajralib chiqqan mazlum oʻz dardkashlari huzuriga kelgan edi. U soʻz aytmasa ham u kabi zulm koʻrganlar olamiga olov tushdi. Kishi nogahon oʻz hamdardini topsa, dardini yashirishga uning kuchi yetmaydi, imkoni qolmaydi:

Kishi topsa hamdardini nogahon,

Ne imkon nihon dardi qolmoq nihon.

Shoir hikoyatdan keyin aytadiki, insonlarning oʻzaro yaqin boʻlishlari, qalblar oʻrtasida muhabbatning uygʻonishi ularning taqdirida bitilgan.

Insonning buyukligi uning qalbidagi dardining buyukligi bilan barobar, dard ulgʻaygani sari inson ham yuksaladi, chinakam dardning manbai, bulogʻi esa haqiqatdir. Bu dardning davosi insonlarga qaygʻurish, ularga gʻamxoʻrlik qilish, muhabbat koʻrsatish, fidoyilik, oʻz nafsi haqida oʻylamaslik, olamlarni Yaratgan oldida taslim boʻlishdir.

Alisher Navoiy aytgan soʻzlarda qalbni poklaydigan, jasoratga oʻrgatadigan, hayot maʼnosini anglatadigan ana shunday haqiqatlar bilan qayta-qayta yuzlashamiz.

Akrom MALIK,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili

va adabiyoti universiteti doktoranti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?