Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida Qonun hozirgi zamon tahdidlariga qarshi kurashish uchun huquqiy asos boʻladi — Shavkat Mirziyoyev

18:07 14 Aprel 2022 Siyosat
1237 0

Foto: president.uz

Prezident huzurida Axborot texnologiyalari vazirligining faoliyati va 2022-yildagi rejalari muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Prezident «Oʻzbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasini transformatsiya qilish masalasiga toʻxtaldi.

«Oʻzbektelekom» jahonning nufuzli aloqa kompaniyalariga oʻxshab, davlatga yuqori daromad keltiruvchi, sifatli xizmatlarni eksport qiluvchi, yuqori texnologik, daromadli va namunali kompaniya boʻlishi kerak», dedi davlatimiz rahbari.

Joriy yilda kompaniyaning operatsion xarajatlari va tannarxini 15 foizga qisqartirish, iyul oyida xalqaro reyting olishini taʼminlash va kelgusi yil martda kompaniyani IPOga chiqarish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda hozirgi murakkab vaziyatda kiberxavfsizlik masalasiga eʼtiborni kuchaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Joriy yil birinchi chorakning oʻzida axborot tizimlariga chetdan 200 tadan ortiq kiberhujum uyushtirilgan.

“Shuning uchun bugun kiberxavfsizlik toʻgʻrisida Qonunni imzoladim. Bu yangi qonun hozirgi zamon tahdidlariga qarshi kurashish uchun huquqiy asos boʻladi”, dedi Prezident.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?