«Xoʻjaobod»liklarning 35 yillik orzusi

11:48 31 Oktyabr 2024 Jamiyat
196 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Shahrixon tumanidagi “Xoʻjaobod” mahallasida yashovchi aholining xursandchiligi cheksiz. Sababi, ortda qolgan 35-yil davomida hal boʻlmay kelayotgan toza ichimlik suvi taʼminoti yoʻlga qoʻyilib, har bir xonadonga “obihayot” kirib bordi. Buning uchun manzilda 1 ta suv qudugʻi va minorasi oʻrnatilib, 1 ta quduqda taʼmirlash ishlari bajarildi.

— Bu mahallaga koʻchib kelganimga 35-yil boʻlgan boʻlsa, shundan buyon ichimlik suvi kelmagan, — deydi Hamidaxon Mamajonova. — Koʻp qiyinchilik koʻrdik, ayniqsa, farzandlarimiz, kelinlarimiz suvni bir kilometr naridan tashib kelishga majbur boʻlishdi. Shu qadar umidimizni uzgan edikki, hatto mahallamizga yangi suv minorasini oʻrnatishayotganida ham suv chiqishiga ishonmadik. Bugun boʻlsa har bir xonadonga suv joʻmraklari oʻrnatildi. Mashaqqatlarimiz ortda qolganidan xursandmiz.

“Xoʻjaobod” mahallasida 825 ta xonadonda 5107 nafar aholi istiqomat qiladi. Mavjud 7 ta koʻchaning hammasiga ham ichimlik suvi tarmogʻi tortilmagan edi. Shu bois ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 60 foizdan iborat boʻlgan. Olib borilgan bunyodkorlik ishlari natijasida bu koʻrsatkich 100 foizni tashkil etdi. Hududdagi 425 ta xonadon ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Bu ham boʻlsa hamyurtlarimizning turmush sharoitiga boʻlgan eʼtibor ifodasidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?