Xorazmdagi bolalar uyining uch nafar jabrlangan qizlari xavfsizligi taʼminlandi

05:52 03 Aprel 2023 Jamiyat
1227 0

Foto: Arxiv surat

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgan Xorazmdagi bolalar uyining uch nafar jabrlangan qizlarining xavfsizligi taʼminlangani aytildi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʻyicha shoʻba mudiri Saida Mirziyoyeva xabar berdi.

«Bugun biz Xorazmdagi bolalar uyining uch nafar jabrlangan qizlariga xavfsizlik taʼminlanishiga erishdik.

Ularning xavfsizligi, ruhiy va jismoniy tiklanishi hozirda ustuvor masala. Shu bilan bir vaqtda bu kabi vaziyatlarda harakat qilish va, eng asosiysi, ularning oldini olish tizimini yaratish ustida ishlashimiz kerak. Qonunlarni qatʼiylashtirish va zoʻravonlikka mutlaq toqatsizlik normalarini yaratish vaqti keldi. Barcha darajalarda.

Bu vaziyatda menga umid bagʻishlaydigan birdan-bir jihat borki, u ham boʻlsa oshkoralik va fuqarolik jamiyatining ovozi. Ehtimol, busiz atrofda boʻlayotgan voqealardan ojizlarcha bexabar boʻlib qolardik.

Zoʻravonlik doim boʻlgan, lekin aynan hozir ochiqlik tufayli ushbu hodisa haqida baland ovoz bilan gapiryapmiz va bunga qarshi kurashish uchun real resurslarimiz paydo boʻldi.

Oʻzbekiston soʻz va media erkinligi borasida zimmasiga olgan majburiyatlari, bu jarayon barcha uchun juda ogʻriqli kechayotgan boʻlsada, oʻz mevasini bermoqda. Tizim bir kunda barpo etilib qolmaydi, bu uzoq yoʻl va manfaatlar kurashidir. Va bugun muammolarni erkin koʻtarayotgan ovoz har qachongidan ham baland yangramoqda.

Befarq boʻlmay, bu keys yuzasidan fuqarolik pozitsiyasini bildirgan barcha OAV va faollarga minnatdorlik bildiraman. Amalda ishlaydigan odil sudlov tizimini yaratish yoʻlida birlashsak, kuch boʻlamiz!», — deb yozgan Saida Mirziyoyeva.

Eslatib oʻtamiz, Xorazmda viloyat Adliya boshqarmasi boʻlimi boshligʻi hamda Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini muntazam ravishda zoʻrlab kelgani, ularga nisbatan sud hukmi oʻqilgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, ularga sharoit yaratib bergan bolalar uyi rahbari 5 yarim yilga qamalgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?