Xorazm va Sirdaryoda mansabdorlarga jinoyat ishi ochildi – DXX

09:55 30 May 2025 Jamiyat
168 0

Xorazm viloyatining tumanlaridan birida oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻlimi boshligʻi oʻz xizmat mavqeyidan foydalanib, noqonuniy harakat sodir etgani aniqlandi. U qishloq xoʻjaligida qoʻllaniladigan 27 tonna “Biostimulyator” oʻsimliklar ozuqasini mahalliy fermerlarga sunʼiy ravishda oshirilgan narxlarda sotishda yordam bergani uchun 10 ming AQSH dollari miqdorida pora olayotgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qoʻlga olindi.

Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” va “v” bandlari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sirdaryo viloyatida esa “Gulistonshahargaz” gaz taʼminoti boʻlimining kichik va oʻrta biznes hamda byudjet tashkilotlari bilan ishlovchi boʻlimi yetakchi muhandisi hamda mahallabay ishlash xizmatining boshligʻi birgalikda pora olishda gumon qilinmoqda.

Ular mahalliy fuqaroning uyida aniqlangan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati boʻyicha 164 million soʻm miqdoridagi zarar summasini 14 million soʻmgacha kamaytirib berish evaziga 1000 AQSH dollari talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda muhandis porani olayotgan vaqtida ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan muhandis va boʻlim boshligʻiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi asosida jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер