Xonadon, koʻcha obod boʻlsa mahalla ham obod boʻladi

12:54 20 Mart 2025 Jamiyat
292 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand shahrida “Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” respublika koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi. Tanlov “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” mezonlarini joriy etishda toʻplangan ilgʻor tajribalarni ommalashtirish maqsadida tashkil qilindi.

Uning quyi bosqichlarida Samarqand viloyatidan 654 nafar mahalla raisi, 1300 nafardan ortiq koʻchaboshilari, 2800 nafarga yaqin xonadon egalari ishtirok etdi. Ularda har bir yoʻnalish boʻyicha birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan 16 nafar ishtirokchi tanlovning viloyat bosqichida bellashdi. Ikki shart boʻyicha chiqishlarni 9 nafar aʼzodan iborat hakamlar hayʼati baholab bordi.

Yakuniy natijaga koʻra, “Obod xonadon” yoʻnalishida birinchi oʻrinni Narpay tumani Oʻzbekiston mahallasi Duoba qishlogʻidagi xonadon egasi Hakim Rasulov, “Obod koʻcha” boʻyicha Urgut tumani Ipakli mahallasidagi Abdulla Qahhor nomli koʻcha koʻchaboshisi Asror Tursunov, “Obod mahalla” boʻyicha Qoʻshrabot tumani Shovona mahallasi raisi Aziz Abduvohidov egalladi.

— Bizning xonadon nafaqat obod, balki oilamizning qoʻshimcha daromad manbai hamdir, — deydi Hakim Rasulov. — 20 sotix yerdan har yili uch marta hosil olamiz. Yetishtirayotgan olti xil turdagi karam, turli sabzavotlarning bozori chaqqon, bir yilda 100-150 million soʻm daromad keltiradi. Tajribamizni oʻrganish uchun boshqa tumanlardan ham odamlar kelyapti.

Koʻrik-tanlov yoʻnalishlari boʻyicha barcha gʻolib va sovrindorlarga tashkilotchilarning sovgʻalari topshirildi. Birinchi oʻrinni qoʻlga kiritganlar tanlovning respublika bosqichida bellashish imkoniyatiga ega boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер