Xodim ishdan boʻshash haqidagi arizasini pochta orqali yuborishi mumkin

11:46 14 Iyul 2023 Hujjatlar
2723 0

Xodim ish beruvchini 14 kun oldin yozma ogohlantirib oʻz tashabbusi bilan ishdan boʻshashga haqli. Yaʼni, arizani kamida 14 kun oldin yozish kerak.

Ayrim xodimlar uchun ogohlantirish muddatlari 14 kundan farq qiladi, ular quyidagilar:

— tashkilot rahbari uchun – 2 oy;
— rahbar oʻrinbosari, bosh buxgalter, alohida boʻlinmalar rahbarlari uchun – 1 oy;

Alohida boʻlinmalar deganda tashkilot filiallari, vakolatxonalari yoki boshqa alohida tarkibiy boʻlinmalari tushuniladi.

— mavsumiy xodimlar uchun – 3 kun;
— mikrofirma hamda YATT xodimlari, uy ishchilari uchun –7 kun;

Mikrofirma – taʼsischisi jismoniy shaxs boʻlgan hamda daromadi 1 yilda 1 milliard soʻmgacha boʻlgan tadbirkorlar.

Arizani berish sanasi uni ish beruvchiga (korxona boshligʻiga, uning muoviniga, qabulxona kotibiga, kadrlar boʻlimiga, devonxonaga va b.) topshirgan kun hisoblanadi, ogohlantirish muddati esa keyingi kundan boshlanadi.

Xodim ishdan boʻshash haqidagi arizasini pochta orqali yuborishi mumkin, bunda muddat pochta orqali ariza tashkilotga yetib borgan kundan hisoblanadi.

Xodim va ish beruvchi kelishuviga koʻra mehnat shartnomasi ogohlantirish muddati tugashigacha ham bekor qilinishi mumkin.

Ogohlantirish muddati tugaganidan keyin xodim ishni tugatishga haqli, ish beruvchi esa xodimga ishdan boʻshatish haqidagi buyruqning koʻchirma nusxasini, mehnat daftarchasini yoki elektron mehnat daftarchasidan koʻchirmani berishi hamda u bilan hisob-kitobni amalga oshirishi shart.

Xodim ogohlantirish muddati tugaydigan vaqtgacha istalgan vaqtda arizasini qaytarib olishi mumkin. Masalan, ogohlantirish muddati 14-iyulda tugasa, xodimning ish vaqti soat 18:00 gacha boʻlsa, xodim shu soatgacha arizasini qaytarib olishga va ishlashni davom ettirishga haqli.

Ogohlantirish muddati tugagandan keyin xodim ishdan boʻshatilmasa, xodim ishni davom ettirayotgan boʻlsa, xodimning arizasi oʻz kuchini yoʻqotadi, keyinchalik xodimni mazkur ariza bilan boʻshatish mumkin emas.

Xodim oʻz ishini davom ettirishi mumkin boʻlmagan hollarda (oʻqishga kirganda, pensiyaga chiqqanda, saylanganda va boshqalarda) xodimni u iltimos qilayotgan muddatda ishdan boʻshatish kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?